Osiyo chempioni munosib taqdirlandi.
2025-08-19 00:00:00 / Yangiliklar

Kuni kecha Koreya Respublikasining Goesan shahrida kurash bo‘yicha yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida VIII-Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi. Ushbu nufuzli musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida ishtirok etgan 6 nafar buxorolik kurashchi barchasi oltin medalni qo‘lga kiritib, yurtimiz sha’nini baland ko‘tardi.
Ulardan biri, Buxoro tumani “Madaniyat-rabot” mahallasida istiqomat qiluvchi Salohiddinova Dilnura, -70 kg vazn toifasida barcha raqiblarini mag‘lub etib, Osiyo chempioni unvoniga sazovor bo‘ldi. Bu nafaqat Dilnura, balki butun tumanimiz sporti tarixida muhim voqea bo‘ldi.
Bugun tuman hokimi Anvarjon Ochilov Dilnuraning xonadoniga tashrif buyurib, uning shijoati va yutug‘ini yuksak baholadi, kelgusi faoliyatida ulkan g‘alabalar tiladi.
Bunday muvaffaqiyatlar yoshlarimizning mehnatsevarligi, ustoz-murabbiylarning sabr-toqati va Vatanimizda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlarning amaliy samarasidir. Uning qat’iyati, mashaqqatli mehnati va Vatan sha’ni uchun kurashgani har birimizga saboq bo‘lib qoladi.





