Do‘stlik va hamjihatlik ulug‘langan yurtda – ezgulik bayrami
2025-07-29 00:00:00 / Yangiliklar

30-iyul — Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab o’tkazilayotgan “Do‘stlik” festivali tadbirlari doirasida, bugun Buxoro tumani “Rabotiqalmoq” mahallasida ko‘tarinki ruhda va keng jamoatchilik ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy hamda madaniy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, ushbu muhim sana — Xalqlar do‘stligi kuni, Prezidentimiz tashabbusi bilan har yili 30-iyulda keng nishonlanib, mamlakatimizda yashayotgan turli millat vakillari o‘rtasidagi do‘stlik, ahillik va hamjihatlik g‘oyalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
“Do‘stlik va hamjihatlik ulug‘langan yurt” shiori ostida tashkil etilgan bugungi tadbir ham aynan shu ezgu maqsad — turli millatlar o‘rtasidagi mehr-oqibat, bag‘rikenglik va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlashga qaratildi.
Tadbirda Buxoro tuman hokimi Anvarjon Ochilov ishtirok etib, yig‘ilganlarni bayram bilan tabrikladi. O‘z nutqida u do‘stlik va totuvlik yurt taraqqiyotining mustahkam poydevori ekanini ta’kidladi. Mamlakatimizda barcha millat va elat vakillarining teng huquqli, farovon va totuv hayot kechirishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar – buning amaldagi isbotidir.
Tadbirda turli millat vakillari hamda tuman madaniyat bo’limi xodimlari ishtirokida milliy raqs, kuy-qo‘shiq va badiiy chiqishlar orqali o‘z madaniy meroslarini ifoda etib, o‘zaro hurmat va birdamlikni namoyon etdilar.
Bunday tadbirlar yurtimizda millatlararo totuvlik, ijtimoiy barqarorlik va fuqarolik birdamligini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir. Zero, har bir xalqning madaniyati, urf-odatlari va qadriyatlariga hurmat bilan qarash — umumiy Vatanimiz O‘zbekiston taraqqiyotiga xizmat qiladi.









