Buxoro tuman IIB boshlig‘i podpolkovnik Vafayev Farxod Axatovichning MUROJAATNOMASI
2026-11-06 10:05:00 / Yangiliklar

Buxoro tuman IIB boshlig‘ining OAV va internet tarmoqlari orqali aholiga “Profilaktik-ogohlantiruvchi murojaati” 2026-yil oktabr oyi uchun
Assalomu alaykum! Qadrli otaxon va onaxonlar! Muhtaram opa-singillar! Aziz yoshlar!
Barchamizga yaxshi ma’lumki, keyingi yillarda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Bundan ko‘zlangan maqsad — yurtimizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, mahallalarda xavfsiz muhit yaratish, huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolarimizning huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda jamoat tartibini saqlashdan iborat. Bu yo‘nalishlarda sidqidildan xizmat qilish ichki ishlar organlarining ustuvor vazifalaridan biridir.
Hurmatli tuman aholisi!
Shu o‘rinda, Buxoro tumanida 2026-yil oktabr oyida (10 oy davomida) sodir etilgan jinoyatlarga qisqacha to‘xtalib o‘tsam.
Jumladan, 2026-yilning 10 oyi davomida jami qayd etilgan jinoyatlar soni 444 tadan 560 taga yetib, 116 taga yoki 26,1 foizga ko‘paygan.
Jinoyat turlari bo‘yicha tahlil qilinganda, qayd etilgan jami 560 ta jinoyatning 304 tasi kiber sohada sodir etilgan bo‘lib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan (209 tadan 304 taga) 95 taga yoki 45,5 foizga ko‘paygan.
Jami jinoyatlarning:
-
79 tasi (14,1 foizi) oldi olinishi lozim bo‘lgan;
-
177 tasi (31,6 foizi) aniqlanadigan;
-
304 tasi (54,2 foizi) kiber (AKT) jinoyatlarni tashkil etadi.
2026-yilning 10 oyida AKT jinoyatlaridan tashqari umumiy jinoyatlar soni 8,9 foizga (235 tadan 256 taga) oshgan.
Har 100 ming nafar aholiga to‘g‘ri keladigan jinoyatlar soni Buxoro tumanida o‘rtacha 303,4 tani tashkil etgan. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha tuman 7-o‘rinda qayd etilgan.
Jinoyat turlari bo‘yicha:
-
qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish 100 foizga (0 tadan 2 taga);
-
oilaviy zo‘ravonlik 66,7 foizga (3 tadan 5 taga);
-
nomusga tegish 100 foizga (0 tadan 1 taga);
-
firibgarlik 46,2 foizga (13 tadan 19 taga);
-
o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari 100 foizga (3 tadan 6 taga);
-
transport vositasini olib qochish 100 foizga (0 tadan 1 taga) oshgan;
-
o‘g‘irlik holatlari (23/23) barqaror saqlangan;
-
qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish 66,7 foizga (3 tadan 1 taga);
-
qasddan badanga yengil shikast yetkazish 25 foizga (4 tadan 3 taga);
-
yo‘l-transport hodisalari 64,3 foizga (28 tadan 10 taga);
-
bezorilik 28,6 foizga (7 tadan 5 taga) kamaygan.
Qotillik, bosqinchilik va talonchilik jinoyatlarining oldi olingan.
Shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar:
-
voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 44,4 foizga (9 tadan 5 taga);
-
ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 50,0 foizga (8 tadan 4 taga);
-
yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 19,2 foizga (26 tadan 21 taga);
-
muqaddam sudlanganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 25,0 foizga (12 tadan 9 taga);
-
mast holatda sodir etilgan jinoyatlar 50,0 foizga (4 tadan 2 taga) kamaygan.
Shundan:
-
jamoat joylarida sodir etilgan jinoyatlar soni (10/10) barqaror saqlangan;
-
ko‘chalarda sodir etilgan jinoyatlar soni 50,0 foizga (6 tadan 9 taga) ko‘paygan.
Ishsizlar tomonidan jinoyat sodir etilmagan.
Tumandagi 36 ta mahalladan 2 tasi “qizil”, 13 tasi “sariq” va 21 tasi “yashil” toifaga kiritilgan.
“Qizil” toifadagi mahallalar: Do‘stlik va Sohibkor.
Eng ko‘p jinoyat sodir etilgan mahallalar: Istiqlol, Kulonxona va Rabotiqalmoq mahallalarida 5 tadan, So‘fikorgar mahallasida esa 7 ta jinoyat qayd etilgan.
“Qizil” toifadagi mahallalar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4 tadan 2 taga, ya’ni 50,0 foizga kamaygan.
“Sariq” toifadagi mahallalar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16 tadan 13 taga, ya’ni 18,8 foizga kamaygan.
Olib borilgan profilaktik tadbirlar natijasida ayrim turdagi jinoyatlar kamayishiga erishilgan bo‘lsa-da, ayrim turdagi jinoyatlarning oshib ketishiga yo‘l qo‘yilmoqda. Ayniqsa, axborot texnologiyalari vositasida sodir etilgan jinoyatlar soni keskin oshib, umumiy jinoyatchilikning 54,2 foizini tashkil qilmoqda.
Kibermakonda sodir etilayotgan jinoyatlar sonining ortishi bugungi kundagi global muammolardan biri hisoblanadi.
Bundan buyon asosiy e’tiborni sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklarning asl sabablarini aniqlash hamda bartaraf etishga qaratamiz. Kelgusida har bir mahallada huquqbuzarlik va jinoyatchilikning asl sabablari aniqlanib, ularni bartaraf etish choralari ko‘riladi.
Dunyo miqyosida axborot texnologiyalarining rivojlanishi, XXI asrning axborot texnologiyalari asriga aylanishi insonlar hayotiga ko‘plab qulayliklar olib kirish bilan birga, ularning hayoti va shaxsiy ma’lumotlari xavfsizligiga tahdidlarni ham kuchaytirdi. Elektron pullardan foydalanish qulayligi ortgani sari ularga nisbatan kiberhujumlar xavfi ham ortib bormoqda. Aynan ushbu sohalardagi xavfsizlik kiberxavfsizlik orqali ta’minlanadi.
Kibermakonda sodir etilayotgan jinoyatlar soni bugungi kunda sezilarli darajada oshmoqda. Kibermakondagi jinoyatlarning boshqa jinoyatlardan farqi shundaki, ular masofadan turib sodir etiladi. Inson bunday jinoyatni bevosita ko‘rmaydi, jinoyatchilar esa ko‘pincha inson hayotiga emas, balki uning shaxsiy ma’lumotlari va moliyaviy mablag‘lariga hujum qiladi. Shu sababli bunday jinoyatlarga qarshi kurashish uchun samarali faoliyat yurituvchi organlar tizimini shakllantirish muhim ahamiyatga ega.
Hozirgi kunda Buxoro tumanida yashovchi fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar o‘rganilganda, ayrim fuqarolar Telegram ilovasi orqali yuborilgan “Sudga chaqiruv xati.apk” hamda “Bu sening fotosuratlaring.apk” nomli zararli ilovalarni mobil telefonlariga yuklab olganliklari sababli bank kartalaridagi pul mablag‘laridan ayrilayotgani aniqlanmoqda. Shuningdek, “Uyda o‘tirib, treyding orqali oson pul topishingiz mumkin” mazmunidagi yolg‘on xabarlarga ishonib, o‘zlari pul mablag‘larini o‘tkazib berishlari oqibatida firibgarlar tuzog‘iga tushib qolish holatlari ham uchramoqda.
Shu bois, har bir fuqaro o‘zini va yaqinlarini kiberfiribgarlik hamda raqamli tahdidlardan himoya qila olishi uchun quyidagi tavsiyalarga amal qilishi zarur. Quyida keng tarqalgan firibgarlik usullari haqida eslatib o‘taman.
Kiberjinoyatlardan himoyalanishda sizning hushyorligingiz va ogohligingiz juda muhimdir.
Hurmatli tumanimiz aholisi!
Bugungi kunda kiberfiribgarlar ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolarni ishontirish yo‘li bilan ularning turli mol-mulklarini qo‘lga kiritmoqdalar.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan kiberjinoyatlarga qarshi kurashish, ularni “issiq izidan” fosh etish va fuqarolarning kiber savodxonligini oshirish bo‘yicha doimiy ravishda chora-tadbirlar amalga oshirilayotganiga qaramasdan, fuqarolarimizdan kelib tushayotgan murojaatlar soni hamon yuqoriligicha qolmoqda.
Shuningdek, Prezidentimizning 2025-yil 30-apreldagi PQ–153-son qarori bilan “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hujjat qabul qilinib, mamlakatimizda kiberxavfsizlikni ta’minlashning normativ-huquqiy, tashkiliy va profilaktik asoslari mustahkamlandi.
Kiberjinoyatlardan jabrlanib qolmaslik uchun quyidagi holatlarga alohida e’tibor qaratishingizni so‘raymiz:
-
Pul evaziga o‘z nomingizga bank plastik kartasini ochib bermang. Firibgarlar bunday kartalardan noqonuniy pul mablag‘larini o‘tkazish va o‘zlashtirish maqsadida foydalanishlari mumkin.
-
Yaqin tanishlaringiz akkauntlaridan “Sudga chaqiruv xati”, “Sening rasmlaring”, “To‘yga taklifnoma” kabi nomlar ostida kelayotgan zararli APK ilovalarni yuklab olmang va shubhali havolalarni ochmang.
-
“Bank xodimi” niqobi ostida qo‘ng‘iroq qilib, kredit, fond mablag‘i yoki pensiya tayinlash bahonasida shaxsiy ma’lumotlaringizni so‘rashlari mumkin. Unutmang: hech qachon pasport ma’lumotlaringiz, bank kartangiz rekvizitlari yoki shaxsiy suratlaringizni notanish shaxslarga yubormang.
-
Ijtimoiy tarmoqlardagi kanal va guruhlarda qisqa muddatda pulingizni bir necha barobarga ko‘paytirib berishni va’da qilayotgan, o‘zini treyder, biznesmen, bukmeker yoki boshqa soha vakili sifatida tanishtirayotgan firibgarlarga ishonmang.
-
Onlayn savdo platformalarida mahsulotlarni haqiqiy narxidan ancha arzon taklif qilayotgan shaxslardan xarid qilishga shoshilmang. Avvalo, sotuvchining ishonchliligini tekshiring.
-
Ijtimoiy tarmoqlarda yuqori oylik maoshi va’da qilinib taklif etilayotgan onlayn ishlar ortida firibgarlik bo‘lishi mumkin. Shaxsni tasdiqlovchi hujjatlaringizni begona shaxslarga yubormang.
Kibermakonda sodir etilayotgan jinoyatlar soni bugungi kunda sezilarli darajada oshmoqda. Bunday jinoyatlarning boshqa jinoyatlardan farqi shundaki, ular masofadan turib sodir etiladi. Jinoyatchilar insonning hayotiga emas, balki uning shaxsiy ma’lumotlari va moliyaviy mablag‘lariga tahdid soladi. Shu sababli har bir fuqaro kiberxavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishi lozim.
Hurmatli tumanimiz aholisi!
Jinoyatchilikning oldini olishga barchamiz birdek mas’ulmiz!
Shu sababli, tumanimizni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirishga o‘z hissangizni qo‘shishingizni, mol-mulkingizni e’tiborsiz qoldirmasligingizni, shaxsiy ma’lumotlaringiz va bank kartangiz rekvizitlarini begona shaxslarga bermasligingizni, uy-joy va avtomashina oldi-sotdisida aldanib qolmaslik uchun ehtiyotkor bo‘lishingizni so‘raymiz.
Bir-biringiz bilan ahil va inoq bo‘ling, farzandlaringiz tarbiyasiga befarq bo‘lmang. Har qanday jinoyat va huquqbuzarlik holatlari yuzasidan zudlik bilan hudud profilaktika inspektoriga yoki viloyat IIBning qisqa 112 raqamiga murojaat qiling.
Qadrli vatandoshlar! Mamlakatimizda tinch va osoyishta hayotni yanada mustahkamlash, mahallalarimizda huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishda yagona kuch bo‘lib, hamjihatlikda harakat qilsak, albatta, kelgusida tumanimizning yanada yuksak marralarga erishishiga o‘z hissamizni qo‘shgan bo‘lamiz.
Keling, barchamiz birgalikda mahallalarimiz va xonadonlarimizni jinoyatdan xoli hududga aylantiraylik.
Fursatdan foydalanib, barchangizga mustahkam sog‘liq, xonadoningizga xotirjamlik, fayz-u baraka tilayman!
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!
E’tiboringiz uchun rahmat!
