Buxoro tumanida kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish va xavfsizlikni ta’minlash masalalari muhokama qilindi
2026-10-21 09:40:00 / Yangiliklar

Buxoro tumani hokimi Anvarjon Ochilov boshchiligida kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, yong‘inlar, is gazidan zaharlanish hamda havo-gaz aralashmasining chaqnashi bilan bog‘liq favqulodda holatlarning oldini olish va aholi xavfsizligini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda aholi xonadonlari, ijtimoiy soha obyektlari, ko‘p kvartirali uylar, bozorlar va savdo majmualarida yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etish, elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minoti barqarorligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokama qilindi.
Kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida aholi xonadonlaridagi isitish moslamalari, mo‘rilar va shamollatish kanallarining texnik holatini tekshirish, aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish hamda nosoz elektr va gaz jihozlaridan foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, ta’lim va tibbiyot muassasalarining mavsumga tayyorgarligini ta’minlash, isitish tizimlari va qozonxonalarning sozligini tekshirish, bozorlar hamda savdo majmualarida yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilishini nazorat qilish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilandi.
Mahallalarda aholi o‘rtasida tushuntirish va targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, is gazidan zaharlanish va yong‘inlarning oldini olish, fuqarolarning xavfsizlik qoidalariga rioya etish borasidagi mas’uliyatini oshirish muhimligi qayd etildi.
Yig‘ilish yakunida mas’ul tashkilotlar va idoralar rahbarlariga belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, mavsum davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni oldindan aniqlash hamda bartaraf etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Asosiy maqsad — Buxoro tumanida kuz-qish mavsumini xavfsiz o‘tkazish, aholi uchun munosib sharoit yaratish hamda inson hayoti va salomatligini muhofaza qilish.








