Buxoro tumani: “Jo‘yzar” kanalining qolgan qismi ham betonlashtirilmoqda
2026-10-20 15:50:00 / Majlislar

Buxoro tumanida suv resurslaridan oqilona foydalanish, sug‘orish tizimini takomillashtirish hamda qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarini barqaror suv bilan ta’minlash borasida izchil ishlar olib borilmoqda. Xususan, tuman hududidan o‘tuvchi “Jo‘yzar” kanalini betonlashtirish ishlari davom ettirilmoqda.
Loyihaning umumiy uzunligi 22,5 kilometrni tashkil etadi. Bugungi kunga qadar kanalning dastlabki 10 kilometrlik qismida betonlashtirish ishlari to‘liq yakunlangan.
Hozirda kanalning qolgan qismida ham betonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Qurilish jarayonida sug‘orish mavsumini inobatga olgan holda, aholi va fermer xo‘jaliklarining suvga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ishlar belgilangan tartibda bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
1938-yilda barpo etilgan “Jo‘yzar” kanali bugungi kunda Buxoro tumani va unga tutash hududlardagi 13 ming gektardan ortiq qishloq xo‘jaligi yerlarini suv bilan ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Kanalni betonlashtirish suvning sizib ketishi natijasidagi yo‘qotishlarni kamaytirish, suv yetkazib berish samaradorligini oshirish hamda mavjud suv resurslaridan unumli foydalanish imkonini beradi.
Kanalning qolgan qismini ham betonlashtirish ishlari yakunlangach, sug‘orish tizimining samaradorligini oshirish, suv taqsimotini yaxshilash va dehqon hamda fermer xo‘jaliklari uchun qulay sharoitlar yaratishga erishiladi.
Buxoro tumanida amalga oshirilayotgan ushbu loyiha suv resurslarini tejash, qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish va sug‘orish infratuzilmasini takomillashtirishga xizmat qiladi.








