Buxoro tuman hokimining navbatdagi fuqarolar qabuli o‘tkazildi
2026-10-16 14:05:00 / Yangiliklar

Bugun 16-oktabr kuni Buxoro tuman hokimi Anvarjon Ochilov tuman Xalq qabulxonasida navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazdi.
Qabul davomida fuqarolar o‘zlarini qiynab kelayotgan turli masalalar yuzasidan murojaat qilib, mavjud muammolarni hal etishda amaliy yordam so‘radilar. Murojaatlar asosan bandlikni ta’minlash, uy-joy, yer munosabatlari, kommunal xizmatlar, ijtimoiy masalalar hamda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq masalalarni qamrab oldi.
Tuman hokimi har bir murojaatni batafsil tinglab, fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan masalalarning mazmun-mohiyatini o‘rgandi. Murojaatlarni imkon qadar joyida hal etish, qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan masalalar bo‘yicha esa mas’ul rahbar va mutasaddilarga aniq vazifalar belgilandi.
Ayrim murojaatlar yuzasidan tegishli tashkilotlar rahbarlariga muammolarni belgilangan muddatlarda o‘rganish, qonuniy yechim topish va natijasi haqida fuqarolarga ma’lum qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Qabul davomida har bir murojaatga alohida yondashish, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda muammolarni ortga surmasdan, amaliy natija bilan hal etish zarurligi ta’kidlandi.
Fuqarolar bilan bunday ochiq muloqotlar aholining muammolarini bevosita o‘rganish, ularning murojaatlariga tezkor munosabat bildirish va joylarda mavjud masalalarga samarali yechim topishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Buxoro tumanida fuqarolar murojaatlari bilan ishlash, aholi bilan ochiq va samimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish hamda har bir murojaat ortida inson qadri mujassam ekanini chuqur anglagan holda amaliy ishlarni davom ettirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.









