Buxoro tumanida yoshlar bandligini ta’minlash va ularni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda
2026-10-15 16:05:00 / Yangiliklar

Haftaning har payshanba kuni “Yoshlar kuni” sifatida yoshlar bilan ochiq muloqot qilish, ularning muammo va takliflarini o‘rganish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda murojaatlariga amaliy yechim topishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda 15-oktabr kuni Buxoro tumani hokimi Anvarjon Ochilov boshchiligida tuman hokimligida umumta’lim maktablarini tamomlagan, hozirda ishsiz bo‘lgan yoshlar bilan navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni ishga joylashtirish, kasb-hunarga yo‘naltirish hamda kelgusida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagidagi yoshlarga zarur ko‘mak ko‘rsatishdan iborat.
Ochiq muloqot davomida yoshlarning ish bilan ta’minlanishi, mavjud bo‘sh ish o‘rinlaridan samarali foydalanishi, kasbiy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishi hamda tadbirkorlik faoliyatini boshlashi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, yoshlarning murojaatlari, taklif va tashabbuslari tinglanib, ularni qiynayotgan muammolarni hal etish yuzasidan fikr almashildi.
Muloqot jarayonida har bir yoshning murojaatini alohida o‘rganish, mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib, muammolarga amaliy yechim topish hamda ularning bandligini ta’minlashga ko‘maklashish masalalariga e’tibor qaratildi. Tegishli mas’ullarga yoshlar murojaatlarida ko‘tarilgan masalalarni o‘rganish va ularning yechimi bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish vazifalari belgilandi.
Ta’kidlash joizki, yoshlar bilan bunday ochiq muloqotlarning muntazam tashkil etilishi ularning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, bandligini ta’minlash, qiziqish va qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish hamda jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Buxoro tumanida yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, tashabbuslarini rag‘batlantirish va mavjud muammolariga amaliy yechim topish borasidagi ishlar izchil davom ettiriladi.









