Buxoro tumanida navbatdagi rahbar va yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
2026-10-08 15:20:00 / Yangiliklar

Haftaning har payshanba kuni “Yoshlar kuni” sifatida yoshlar bilan ochiq muloqot qilish, ularning muammo va takliflarini o‘rganish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda murojaatlariga amaliy yechim topishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda bugun, 8-oktabr kuni Buxoro tuman hokimi Anvarjon Ochilov boshchiligida tuman rahbarlari ishtirokida navbatdagi rahbar va yoshlar uchrashuvi o‘tkazildi. Muloqot Buxoro tumanidagi 1-son texnikumda tashkil etilib, unda 100 dan ortiq yoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida ta’lim olayotgan, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan, ish izlayotgan hamda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagidagi yoshlarning murojaatlari, muammo va takliflari bevosita tinglandi.
Yoshlar bandligini ta’minlash masalasi uchrashuvning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Ish izlayotgan yoshlarning masalalarini o‘rganish va ularning bandligini ta’minlash maqsadida tegishli korxona va tashkilotlar rahbarlari hamda mas’ul mutaxassislar jalb qilindi. Yoshlarning bilim va ko‘nikmalari, qiziqishlari hamda mavjud bo‘sh ish o‘rinlari o‘rganilib, ularni ishga joylashtirish bo‘yicha amaliy choralar belgilandi.
Shuningdek, tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan yoshlarning tashabbuslari ham alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Ular tomonidan ilgari surilgan loyihalarni amalga oshirish, zarur moliyaviy resurslarni jalb etish, kredit va boshqa moliyaviy ko‘maklardan foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur jarayonda bank rahbarlari ham ishtirok etib, yoshlarning loyihalarini moliyalashtirish imkoniyatlari, kredit olish tartiblari va mavjud imtiyozlar yuzasidan tushuntirishlar berdi. Yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda loyihalarini hayotga tatbiq etish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilandi.
Muloqot davomida yoshlarning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishi va o‘z iqtidorini namoyon etishi uchun mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Tuman hokimi Anvarjon Ochilov yoshlar tomonidan bildirilgan murojaat va takliflarni tegishli mas’ullar bilan birgalikda ko‘rib chiqib, ko‘tarilgan masalalarni o‘z vaqtida va amaliy jihatdan hal etish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.
Bunday ochiq muloqotlar yoshlarning muammolarini bevosita o‘rganish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash va kelgusidagi rejalarini amalga oshirishiga ko‘maklashishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Buxoro tumanida “Yoshlar kuni” doirasida yoshlar bilan ochiq muloqotlarni muntazam davom ettirish, ularning murojaatlarini manzilli o‘rganish va har bir tashabbusni amaliy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar izchil davom ettiriladi.









