Buxoro tuman IIB boshlig‘i podpolkovnik Vafayev Farhod Axatovichning MUROJAATNOMASI
2026-10-07 16:05:00 / Yangiliklar

Assalomu alaykum! Hurmatli vatandoshlar!
Barchamizga yaxshi ma’lumki, keyingi yillarda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Bundan ko‘zlangan maqsad — yurtimizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, mahallalarda xavfsiz muhit yaratish, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda fuqarolarimizning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilish ichki ishlar organlarining ustuvor vazifalaridan biridir.
Hurmatli tuman aholisi!
Shu o‘rinda, Buxoro tumanida 2026-yil sentyabr oyida (9 oy davomida) sodir etilgan jinoyatlarga qisqacha to‘xtalib o‘tsam.
Jumladan, 2026-yilning sentyabr oyi davomida jami qayd etilgan umumiy jinoyatlar 33 taga yoki 15,2 foizga ko‘paygan (217–250).
Jinoyat turlari bo‘yicha tahlil qilinganida, qayd etilgan jami 250 ta jinoyatning 13 tasi kiber sohasida sodir etilgan bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan 2 taga yoki 18,2 foizga ko‘paygan (11–13).
Jami jinoyatlarning:
-
74 tasi (29,6 foiz) oldi olinishi lozim bo‘lgan;
-
163 tasi (65,2 foiz) aniqlanadigan;
-
13 tasi (5,2 foiz) kiber (AKT) jinoyatlarni tashkil etadi.
2026-yilning 9 oyida umumiy jinoyatlar (AKT jinoyatlaridan tashqari) 15,0 foizga (206/237) oshgan.
Har 100 ming aholi soniga jami jinoyatlar Buxoro tumanida o‘rtacha 135,4 tani tashkil etgan (5-o‘rin).
Jinoyat turlaridan:
-
oilaviy zo‘ravonlik 66,7 foizga (3/5);
-
nomusga tegish 100 foizga (0/1);
-
firibgarlik 66,7 foizga (9/15);
-
o‘lim bilan bog‘liq YTHlar 200 foizga (2/6) oshgan.
Talonchilik (1/1) barqaror saqlangan.
Quyidagi jinoyatlar kamaygan:
-
qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish 50 foizga (2/1);
-
qasddan badanga yengil shikast yetkazish 50 foizga (4/2);
-
o‘g‘rilik 9,1 foizga (22/20);
-
yo‘l-transport hodisasi 50,0 foizga (24/12);
-
bezorilik 14,3 foizga (7/6).
Qotillik, qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish, bosqinchilik, avtotransport vositasini olib qochish jinoyatlarining oldi olingan.
Shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar:
-
ishsizlar jinoyati 100 foizga (0/1) oshgan;
-
voyaga yetmaganlar jinoyati 55,6 foizga (9/4);
-
ayollar jinoyati 20,0 foizga (5/4);
-
yoshlar jinoyati 5,6 foizga (18/17);
-
muqaddam sudlanganlar jinoyati 22,2 foizga (9/7) kamaygan.
Shundan:
-
jamoat joyida sodir etilgan jinoyatlar (7/7) barqaror saqlangan;
-
ko‘chalarda sodir etilgan jinoyatlar 40,0 foizga (5/7) ko‘paygan.
Guruh tarkibida va mast holatda jinoyatlar sodir etilmagan.
Tumandagi 36 ta mahalladan 2 tasi “qizil”, 12 tasi “sariq” va 22 tasi “yashil” toifaga kiritilgan.
“Qizil” toifadagi mahallalar: Do‘stlik va Sohibkor.
Eng ko‘p jinoyat Ko‘chkumar va Do‘stlik mahallalarida (4 tadan), Rabotiqalmoq va Turkon mahallalarida (3 tadan) sodir etilgan.
Qidiruvdagi 18 nafar shaxsdan 11 nafari ushlanmasdan qolgan.
“Qizil” toifadagi mahallalar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4 tadan 2 taga, ya’ni 2 taga yoki 50,0 foizga kamaygan.
“Sariq” toifadagi mahallalar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15 tadan 12 taga, ya’ni 3 taga yoki 20,0 foizga kamaygan.
Olib borilgan profilaktik tadbirlar natijasida ayrim turdagi jinoyatlar kamayishiga erishilgan bo‘lsa-da, ayrim turdagi jinoyatlarning oshib ketishiga yo‘l qo‘yilmoqda. Ayniqsa, axborot texnologiyalari vositasida sodir etilayotgan jinoyatlar bunga misoldir.
Ayni kunlarda sodir etilayotgan har 2 ta jinoyatning 1 tasi kiber sohasida sodir etilayotgan jinoyatlarni tashkil qilmoqda.
Kibermakonda sodir bo‘layotgan jinoyatlar sonining ortib borayotgani bugungi kunda global muammolardan biri hisoblanadi.
Bundan buyon asosiy e’tiborni sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklarning asl sabablarini aniqlash va bartaraf etish masalasiga qaratamiz. Kelgusida har bir mahallada huquqbuzarlik va jinoyatchilikning asl sabablari aniqlanib, ularni bartaraf etish choralari ko‘riladi.
Dunyo miqyosida axborot texnologiyalarining rivojlanishi, XXI asr — axborot texnologiyalari asri bo‘lganligi insonlarga qanchalik qulaylik yaratgan bo‘lsa, shunchalik ularning hayoti va shaxsiy ma’lumotlariga bo‘lgan xavfsizlikning kamayishiga ham olib keldi. Insonlar o‘rtasida elektron pullardan foydalanish qanchalik qulayliklarni oshirgan bo‘lsa, ularga nisbatan hujumlar ham shu darajada ortdi. Aynan ushbu sohalardagi xavfsizlik “kiberxavfsizlik” bilan ta’minlanadi.
Kibermakonda sodir bo‘layotgan jinoyatlar soni bugungi kunda sezilarli darajada oshdi. Kibermakondagi jinoyatlarning boshqa jinoyatlardan farqi shundaki, bu jinoyatni shaxs masofadan turib sodir etadi. Inson bu jinoyatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rmaydi, bunda inson hayotiga emas, balki ma’lumotlariga hujum qilinadi. Shu sababli bunday jinoyatlarga qarshi kurashish uchun mamlakatda samarali faoliyat yurituvchi organlar tizimini yaratish taqozo etiladi.
Hozirgi kunda Buxoro tumanida yashovchi fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar o‘rganilganda, ayrim fuqarolar Telegram ilovasi orqali kelgan “sudga chaqiruv xati.apk” hamda “bu sening fotosuratlaring.apk” nomli zararli ilovalarni o‘z telefonlariga yuklab olganliklari sababli plastik kartalaridagi pul mablag‘lari yechib olinayotgani aniqlanmoqda.
Shuningdek, “uyda o‘tirib treyding orqali oson pul topishingiz mumkin” mazmunidagi turli yolg‘on xabarlarga ishonib, o‘zlari pul mablag‘larini o‘tkazib, aldanib qolayotgan fuqarolar ham uchramoqda.
Shu bois, har bir fuqaro o‘zini va yaqinlarini kiberfiribgarlik va raqamli tahdidlardan himoya qila olishi uchun quyidagi asosiy tavsiyalarni yodda tutishi zarur. Quyida keng tarqalgan firibgarlik usullarini eslatib o‘taman.
Kiberjinoyatlardan himoyalanishda sizning hushyorligingiz va ogohligingiz juda muhimdir.
Hurmatli tumanimiz aholisi!
Bugungi kunga kelib, kiberfiribgarlar ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolarni ishontirish yo‘li bilan turli xil mol-mulklarni qo‘lga kiritmoqdalar.
Huquq-tartibot idoralari tomonidan kiberjinoyatlarga qarshi kurashish, ularni “issiq izidan” fosh etish va fuqarolarning kiber savodxonligini oshirish bo‘yicha doimiy ravishda chora-tadbirlar amalga oshirilayotganiga qaramasdan, fuqarolarimizdan kelib tushayotgan murojaatlar soni yuqoriligicha qolmoqda.
Shuningdek, Prezidentimizning 2025-yil 30-apreldagi PQ–153-son qarori bilan “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hujjat qabul qilinib, mamlakatimizda kiberxavfsizlikni ta’minlashning normativ-huquqiy, tashkiliy va profilaktik asoslari mustahkamlandi.
Kiberjinoyatlardan jabrlanib qolmaslik uchun pul evaziga nomingizga bank plastik kartasi ochish, firibgarlar tomonidan taklif qilinayotgan arzon narxdagi mol-mulklarni sotish bahonasida plastik kartalar orqali pul mablag‘larini o‘zlashtirib olish holatlariga aldanib qolmaslik kerak.
Yaqin tanishlaringizning akkauntidan “sudga chaqiruv xati”, “Sening rasmlaring”, “To‘yga taklifnoma” kabi nomlar ostida kelayotgan zararli “APK” ilovalar va shubhali havolalarning ustiga bosmang hamda ularni mobil qurilmangizga o‘rnatmang.
“Bank xodimi” niqobi ostida qo‘ng‘iroq qilib, kredit, fond mablag‘i yoki pensiya tayinlash bahonasida shaxsiy ma’lumotlaringizni so‘rashlari mumkin. Unutmang: hech qachon pasport raqami, karta ma’lumotlari yoki suratlaringizni notanishlarga yubormang.
Ijtimoiy tarmoqlardagi kanal va guruhlarda qisqa muddatda pulingizni bir necha barobarga ko‘paytirib berishni va’da qilayotgan, o‘zini soxta treyder, biznesmen, bukmeker va boshqa soha vakili sifatida tanishtirayotgan firibgarlarga ishonib qolmang.
Onlayn savdo platformalarida bahosi o‘z narxidan ancha arzon qilib ko‘rsatilgan buyumlarni xarid qilishga shoshilmang.
Ijtimoiy tarmoqlarda katta miqdordagi oylik maoshi evaziga onlayn ish taklif qilayotgan shaxslarning aldoviga uchib, shaxsingizni tasdiqlovchi hujjatlarni begona shaxslarga yubormang.
Kibermakonda sodir bo‘layotgan jinoyatlar soni bugungi kunda sezilarli darajada oshdi. Kibermakondagi jinoyatlarning boshqa jinoyatlardan farqi shundaki, bu jinoyatni shaxs masofadan turib sodir etadi. Inson bu jinoyatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rmaydi, bunda inson hayotiga emas, balki ma’lumotlariga hujum qilinadi. Shu sababli bunday jinoyatlarga qarshi kurashish uchun mamlakatda samarali faoliyat yurituvchi organlar tizimini yaratish taqozo etiladi.
Hurmatli tumanimiz aholisi!
Jinoyatchilikning oldini olishga barchamiz birdek mas’ulmiz!
Qadrli vatandoshlar!
Mamlakatimizda tinch va osoyishta hayotni yanada mustahkamlash, mahallalarimizda huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishda yagona kuch bo‘lib, hamjihatlikda harakat qilsak, albatta, kelgusida tumanimizning yuqori marralarga erishishiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz.
Shu sababli, tumanimizni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirishga o‘z hissangizni qo‘shishingizni, mol-mulklaringizni e’tiborsiz qoldirmasligingizni, shaxsiy ma’lumotlaringiz va bank kartangiz raqamlarini begona shaxslarga bermasligingizni, uy-joy va avtomashina oldi-sotdisida aldanib qolmasligingizni, bir-biringiz bilan ahil va inoqlikda bo‘lishingizni, farzandlaringiz tarbiyasiga befarq bo‘lmasligingizni, har qanday jinoyat va huquqbuzarliklar bo‘yicha zudlik bilan hudud profilaktika inspektori hamda viloyat IIBning qisqa “112” raqamiga murojaat qilishingizni so‘rab qolaman.
Kelinglar, hammamiz birgalashib, mahallalarimiz va xonadonlarimizni jinoyatdan xoli hududga aylantiraylik.
Fursatdan foydalanib, barchangizga mustahkam sog‘lik, xonadoningizga xotirjamlik, fayzu baraka tilayman!
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!
E’tiboringiz uchun rahmat!
