Rasmiy munosabat
2026-09-03 17:30:00 / Yangiliklar

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro tumani Shergiron mahallasi Chorbakr ko‘chasida joylashgan mini futbol maydonchalari yuzasidan murojaat e’lon qilingan.
Murojaatda mazkur hududdagi mini futbol maydonchalarida kechki vaqtlarda o‘yinlar o‘tkazilishi natijasida shovqin yuzaga kelayotgani, bu esa yaqin atrofdagi xonadonlarda yashovchi fuqarolarga noqulaylik tug‘dirayotgani qayd etilgan hamda maydonchalarni boshqa hududga ko‘chirish masalasida amaliy yordam so‘ralgan.
Mazkur murojaat yuzasidan tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganish ishlari olib borilgan. Hozirda murojaatda ko‘tarilgan masala yuzasidan tegishli hujjatlar Buxoro tumanlararo iqtisodiy sudida ko‘rib chiqilmoqda va sud jarayoni davom etmoqda.
Sud tomonidan yakuniy qaror qabul qilingach, mazkur qarordan kelib chiqib, qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘riladi hamda qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi.
Buxoro tumani hokimligi tomonidan fuqarolarning murojaatlarida ko‘tarilgan masalalarni qonunchilik doirasida o‘rganish va ularning qonuniy hal etilishiga ko‘maklashish ishlari davom ettiriladi.
