Buxoro tuman hokimi Anvarjon Ochilovning 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan bayram tabrigi
2026-09-30 19:55:00 / Yangiliklar

Hurmatli ustoz va murabbiylar!
Siz, muhtaram ustoz va murabbiylarni 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Bugungi kunda mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini yanada rivojlantirish, yosh avlodga zamonaviy bilim va ko‘nikmalar berish, ularni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu ezgu va mas’uliyatli ishlarning samarasi, avvalo, sizlarning fidokorona mehnatingiz, bilim va tajribangiz, kasbingizga bo‘lgan sadoqatingiz bilan chambarchas bog‘liq.
Aziz ustozlar!
Sizlar yosh avlod qalbiga ilm-ma’rifat urug‘larini qadab, ularni hayotda o‘z munosib o‘rnini topishga, yurtimiz taraqqiyotiga daxldorlik hissi bilan yashashga undab kelmoqdasiz. Har bir shogirdingizning yutug‘i, erishayotgan natijalari ortida sizlarning zahmatli mehnatingiz, sabr-toqatingiz va mehringiz mujassam.
Bugun Buxoro tumanida ham ta’lim tizimini rivojlantirish, maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘quvchilar uchun zamonaviy va qulay shart-sharoitlar yaratish borasida izchil ishlar olib borilmoqda. Bunday imkoniyatlardan samarali foydalanib, bilimli, iste’dodli va vatanparvar yoshlarni tarbiyalashda siz, fidoyi pedagoglarning hissangiz beqiyosdir.
Ayniqsa, o‘quvchilarimizning fan olimpiadalari, turli tanlov va musobaqalarda qo‘lga kiritayotgan yutuqlari, xorijiy tillar va zamonaviy bilimlarni egallashga bo‘lgan intilishlari bizni quvontiradi. Bu natijalar zamirida, shubhasiz, ustozlarning zahmati va mahorati bor.
Muhtaram ustoz va murabbiylar!
Yosh avlod — yurtimizning kelajagi. Ularni har tomonlama barkamol insonlar etib tarbiyalash, qalbida Vatanga muhabbat va yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘ularini shakllantirishdek sharafli vazifada sizlarga doimo kuch-g‘ayrat, ilhom va muvaffaqiyat tilaymiz.
Sizlarning mashaqqatli va sharafli mehnatingizni yuksak qadrlagan holda, barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Anvarjon Ochilov, Buxoro tuman hokimi
