Navbatdagi “Hokimlik soati”da vazifalar ijrosi muhokama qilindi
2026-09-28 12:25:00 / Yangiliklar

Buxoro tumani hokimi Anvarjon Ochilov rahbarligida tuman hokimligida navbatdagi “Hokimlik soati” yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, tuman hokimining o‘rinbosarlari, tashkilot, korxona va muassasalar rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda kun tartibidan o‘rin olgan dolzarb masalalar, hududda amalga oshirilayotgan ishlar hamda belgilangan vazifalar ijrosi atroflicha muhokama qilindi.
Dastlab, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish, mahallalarning ushbu jarayondagi ishtirokini kuchaytirish, hududlarning yashillik darajasini oshirish va obodonlashtirish borasidagi ishlar muhokama qilindi. Bu yo‘nalishda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, mahallalarda yashil hududlarni kengaytirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Shuningdek, kuz-qish mavsumida aholini energetika resurslari bilan barqaror ta’minlash, ijtimoiy soha obyektlarini mavsumga tayyorlash hamda qurilish ishlarining borishi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi. Mavsumni betalafot o‘tkazish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va obyektlarning tayyorgarlik darajasini oshirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Yig‘ilishda tumanning 2026-yil 9 oyligi yakunlari hamda yil yakuniga qadar asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni ta’minlash, iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish va inflyatsiya darajasini barqarorlashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Hududlarni kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish, bandlik dasturining ijrosi, xatlov ishlarining natijalari hamda aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi ham muhokama qilindi. Mas’ullarga har bir mahalla va xonadon kesimida ishlarni tizimli tashkil etish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda aholining bandligini ta’minlash yuzasidan aniq vazifalar yuklatildi.
Bundan tashqari, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, soliq solish bazasini kengaytirish, foydalanilmayotgan imkoniyat va zaxiralarni safarbar etish orqali 2026-yilda budjetga jalb qilinishi kutilayotgan qo‘shimcha daromadlarni ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish davomida ijro intizomi holati ham tanqidiy-tahliliy ruhda muhokama qilinib, berilgan topshiriqlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan mas’ullarning axborotlari tinglanib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash hamda natijadorlikni oshirish bo‘yicha aniq topshiriqlar belgilab berildi.
Buxoro tumani hokimi Anvarjon Ochilov mas’ullarga belgilangan vazifalarga mas’uliyat bilan yondashish, ijro intizomiga qat’iy rioya qilish va amalga oshirilayotgan ishlarning amaliy natijadorligini ta’minlash bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi.









