Buxoro tumanida ham paxta yig‘im-terimiga kirishildi
2026-09-16 14:50:00 / Yangiliklar

Buxoro tumani dehqon va paxtakorlari azaldan mehnatkashligi va matonati bilan ajralib keladi. Bu yil ham ular tabiat sinovlari — suv taqchilligi va boshqa qiyinchiliklarga qaramay, o‘z tajribasi va sabr-toqati bilan mo‘l hosil yetishtirishga muvaffaq bo‘ldilar.
Tabiat injiqliklari va suv taqchilligi dehqonlarning tajribasi, ishbilarmonligi hamda fidokorona mehnati evaziga yengib o‘tildi. Joriy yilda tumanda 7 ming 200 gektar maydonga chigit ekilib, g‘o‘za agrotexnik tadbirlar asosida parvarish qilindi.
Paxtakorlar bu yil 39 ming tonnaga yaqin paxta xomashyosini yig‘ib olib, qabul punktlariga topshirishni rejalashtirmoqda. Buning uchun zarur sharoitlar yaratilgan, hosilni tashish uchun yetarli texnika vositalari shay holatga keltirilgan.
Paxta yig‘im-terimi oldidan Chor Bakr ziyoratgohida Qur’on tilovat qilinib, mavsumda mehnat qilayotgan barcha paxtakor va terimchilarga kuch-g‘ayrat, xirmonimizga baraka va mo‘l hosil tilab, ezgu duolar qilindi.
Mavsumni uyushqoqlik bilan tashkil etish maqsadida 172 ta terim otryadi tashkil etilib, ularga 8 ming 800 nafar terimchi jalb etilmoqda.
Terim jarayonida qo‘l mehnati bilan bir qatorda zamonaviy texnika imkoniyatlaridan ham keng foydalaniladi. Umuman, mavsumga 11 ta paxta terish mashinasi jalb etilgan bo‘lib, ular orasida 1 ta FM World, 8 ta John Deere va 2 ta Boshiran rusumli texnikalar mavjud.
Ayni kunlarda dalalarda qizg‘in mehnat boshlandi. Paxtakorlar yetishtirilgan hosilni qisqa muddatlarda va sifatli yig‘ib-terib olish, uni nobud qilmasdan qabul punktlariga yetkazib berish uchun bor imkoniyatlarini ishga solmoqda.









