Buxoro tumanida naslli qo‘ychilikni rivojlantirishga e’tibor qaratilmoqda
2026-09-10 18:25:00 / Yangiliklar

Buxoro tumanining Kunji Qal’a mahallasida chorvachilikning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan qo‘ychilik va naslchilikni rivojlantirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.
2026-yil boshida faoliyatini boshlagan “Ravshan Bukhara Arashan Selection” MCHJ tomonidan qisqa vaqt ichida chorva mollari bosh sonini ko‘paytirish, nasldor qo‘ylarni parvarishlash va seleksiya ishlarini yo‘lga qo‘yish borasida muayyan natijalarga erishildi.
Korxona rahbari Rahmonali Hoshimov boshchiligida Arashan zotli qo‘ylarni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda xo‘jalikdagi qo‘ylar bosh soni 1000 boshga yetkazilgan bo‘lib, kelgusida bu ko‘rsatkichni 3000 boshga yetkazish rejalashtirilgan.
Naslchilik yo‘nalishini rivojlantirish maqsadida yuqori sifatli zotdor qo‘ylarni chetdan olib kelish, ularni mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirish hamda sifatli nasl olishga qaratilgan seleksiya ishlarini yanada takomillashtirish ko‘zda tutilgan.
Korxonada chorva mollarini parvarishlash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, yem-xashak bazasini mustahkamlash, veterinariya xizmatini yo‘lga qo‘yish va chorva salomatligini doimiy nazorat qilishga alohida e’tibor berilmoqda.
Mazkur faoliyatning kengayishi natijasida yangi ish o‘rinlari yaratish, aholining chorvachilikka bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda hududda naslli chorva mollarini ko‘paytirish imkoniyatlari kengayadi.
“Ravshan Bukhara Arashan Selection” MCHJning kelgusidagi rejalarida qo‘ylar bosh sonini ko‘paytirish bilan bir qatorda, naslchilik ishlarini takomillashtirish va yuqori mahsuldor chorva mollarini yetishtirishni yo‘lga qo‘yish muhim o‘rin tutadi.
Bunday loyihalar Buxoro tumanida chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish, sifatli chorva mahsulotlari yetishtirish hamda sohaning iqtisodiy salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.









