O‘zbakonda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar ko‘zdan kechirildi
2026-09-10 16:15:00 / Yangiliklar

“Yoshlar kuni” doirasida Shergiron mahallasiga tashrif davomida Buxoro tuman hokimi Anvarjon Ochilov O‘zbakon qishlog‘ida yosh tadbirkor Murodali Murodov tomonidan tashkil etilgan “Yoshlar guzari” faoliyati bilan tanishdi.
Mazkur maskanda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sportga keng jalb qilish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
Tashrif davomida yosh tadbirkor tomonidan tashkil etilgan sport zali va mini futbol maydonchasi ko‘zdan kechirildi. Yaratilgan imkoniyatlar, yoshlarning sport bilan shug‘ullanishiga bo‘lgan qiziqishi hamda guzar faoliyatini kelgusida yanada rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
O‘rganish jarayonida tadbirkorning faoliyati bilan bog‘liq kadastr masalasi ham muhokama qilindi. Murojaat tinglanib, ushbu masalani ijobiy hal etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Yosh tadbirkorlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish va mavjud muammolarni joyida hal etish borasidagi ishlar izchil davom ettiriladi.









