Yoshlar — davlat e’tibori va qo‘llab-quvvatlovining markazida
2026-09-10 12:25:00 / Yangiliklar

Bugun — payshanba, yurtimizda “Yoshlar kuni”. Ushbu kun doirasida yoshlar bilan yaqindan muloqot qilish, ularning muammo va takliflarini o‘rganish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy ishlar davom ettirilmoqda.
Shu munosabat bilan Buxoro tuman hokimi Anvarjon Ochilov boshchiligidagi mas’ullar Shergiron mahallasidagi 22-son umumta’lim maktabida yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv avvalida mahalla yoshlar yetakchisining yoshlar bilan ishlash yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda kelgusidagi vazifalar yuzasidan hisoboti tinglandi.
Hisobot davomida yoshlarning bandligini ta’minlash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni kasb-hunar va tadbirkorlikka yo‘naltirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Shundan so‘ng tuman hokimi yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazib, ularning fikr va takliflarini tingladi. Muloqot davomida yoshlar ishga joylashish, tadbirkorlik faoliyatini boshlash, ta’lim olish hamda o‘z tashabbuslarini amalga oshirish bo‘yicha murojaatlarini bildirdi.
Bildirilgan murojaat va takliflar yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi. Mavjud muammolarni joyida hal etish, qo‘shimcha o‘rganishni talab qiladigan masalalarni esa nazoratga olib, amaliy yechim topish vazifalari belgilandi.
“Yoshlar kuni” doirasidagi bunday uchrashuvlar yoshlarning muammolarini o‘rganish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va yoshlar bilan ishlash samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.









