Buxoro tuman prokurori Ikramov Karim Botirovichning murojaatnomasi
2026-09-08 12:45:00 / Yangiliklar

Assalomu alaykum, hurmatli tumandoshlar!
Barchamizga yaxshi ma’lumki, keyingi yillarda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada yurtimizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, mahallalarda xavfsiz muhit yaratish, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda fuqarolarimizning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ustuvor vazifalaridan hisoblanadi.
Hurmatli tuman aholisi!
Shu o‘rinda, Buxoro tumanida 2026-yil yanvar–avgust oylarida sodir etilgan jinoyatlarga qisqacha to‘xtalib o‘taman.
Jumladan, joriy yilning yanvar–avgust oylarida jami qayd etilgan jinoyatlar soni 214 tani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 91 taga yoki 29,8 foizga kamaygan.
Jinoyat turlari bo‘yicha tahlil qilinganda, qayd etilgan 214 ta jinoyatning 7 tasi kiber sohada sodir etilgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 139 tadan 7 taga, ya’ni 132 taga yoki 95 foizga kamaygan.
Jami jinoyatlarning:
- 67 tasi (31,3 foiz) oldini olish mumkin bo‘lgan;
- 140 tasi (65,4 foiz) aniqlangan;
- 7 tasi (3,2 foiz) kiberjinoyatni tashkil etadi.
2026-yilning o‘tgan sakkiz oyida umumiy jinoyatlar (kiberjinoyatlardan tashqari) 41 taga ko‘payishi kuzatilgan.
Shuningdek, oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar soni 67 tani tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 15 taga yoki 18,3 foizga kamaygan.
Ushbu jinoyatlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki:
- oilaviy zo‘ravonlik;
- firibgarlik;
- o‘g‘irlik;
- tovlamachilik;
- yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq holatlarda ayrim o‘sishlar kuzatilgan.
Shu bilan birga, qotillik, bosqinchilik, nomusga tegish, avtotransport vositasini olib qochish kabi og‘ir jinoyatlar sodir etilmagan.
Sodir etilgan jinoyatlar to‘liq fosh etilgan.
Tumandagi 36 ta mahallaning 21 tasi “yashil”, 11 tasi “sariq”, 4 tasi “qizil” toifaga kiritilgan.
Profilaktik tadbirlar natijasida ayrim turdagi jinoyatlar kamayishiga erishilgan bo‘lsa-da, ayrim holatlarda o‘sish kuzatilmoqda.
Hurmatli fuqarolar!
Bugungi kunda kiberjinoyatlar global muammoga aylanmoqda. Axborot texnologiyalarining rivojlanishi insonlar hayotini yengillashtirgan bo‘lsa-da, ma’lumotlar xavfsizligiga ham tahdid solmoqda.
Ayniqsa, Telegram orqali kelayotgan “sudga chaqiruv”, “sizga tegishli foto” kabi zararli fayllar orqali fuqarolar aldanmoqda. Shuningdek, “oson pul topish”, “treyding” kabi yolg‘on va’dalar orqali mablag‘lar o‘zlashtirib olinmoqda.
Shu munosabat bilan quyidagilarni esda tuting:
- shubhali havolalarni ochmang;
- noma’lum ilovalarni yuklab olmang;
- bank kartasi ma’lumotlarini begona shaxslarga bermang;
- arzon narxlardagi takliflarga ishonib qolmang;
- soxta “bank xodimlari”ga ishonmang.
Hurmatli tumanimiz aholisi!
Jinoyatchilikning oldini olish — barchamizning umumiy vazifamizdir.
Shu sababli:
- mol-mulkingizga e’tiborli bo‘ling;
- farzandlar tarbiyasiga befarq bo‘lmang;
- shubhali holatlarda darhol huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qiling;
- 112 qisqa raqami orqali tezkor xabar bering.
Qadrli vatandoshlar!
Agar barchamiz birgalikda harakat qilsak, tumanimizni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantira olamiz.
Sizlarga mustahkam sog‘liq, xonadonlaringizga tinchlik va farovonlik tilayman!
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!
E’tiboringiz uchun rahmat!
