O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan bayram tabrigi
2026-08-31 15:05:00 / Yangiliklar

Assalomu alaykum, aziz tumandoshlar!
Siz, azizlarni, ko‘p millatli Buxoro tumani ahlini xalqimiz uchun eng ulug‘ va eng aziz ayyom — O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman!
Mustaqillik bayrami barchamizga muborak bo‘lsin!
Bugun barchamiz qalbimizda cheksiz faxr va iftixor tuyg‘usi bilan mamlakatimiz hayotidagi eng buyuk tarixiy sana — davlatimiz mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlamoqdamiz.
Mustaqillik — xalqimizning asriy orzusi, erkin va ozod yashash, o‘z taqdirini o‘zi belgilash va munosib kelajak barpo etish yo‘lidagi buyuk ne’matdir. Aynan istiqlol tufayli milliy davlatchiligimiz qayta tiklandi, ona tilimiz, milliy qadriyatlarimiz va boy tariximizga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgardi.
Shu qutlug‘ kunlarda Vatanimiz ozodligi va ravnaqi yo‘lida kurashgan fidoyi ajdodlarimiz, ma’rifatparvar bobolarimiz, xususan, jadidlarimizning ibratli hayoti va jasoratini minnatdorlik bilan yodga olamiz. Ularning ezgu orzu-intilishlari bugungi tinch va farovon hayotimizda o‘zining munosib ifodasini topmoqda.
Muhtaram yurtdoshlar!
Bugun Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, bunyodkorlik ishlari va yangilanishlar hayotimizning barcha jabhalarida o‘zining amaliy natijalarini bermoqda.
Buxoro tumani ham mamlakatimiz taraqqiyotining ushbu yangi bosqichida o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda. Hududimizda sanoat va tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish, yo‘l va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash, zamonaviy uy-joylar hamda ijtimoiy obyektlarni barpo etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarim yilligida tumanda 1,2 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi. Eksport hajmi esa 8 million AQSh dollariga yetdi.
Yangi ish o‘rinlarini yaratish hisobiga 24,7 ming nafar fuqaroning bandligi ta’minlanib, kambag‘allik darajasi 3,2 foizdan 2,1 foizga qisqartirildi.
Obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish borasidagi ishlar ham izchil davom etmoqda. “Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida joriy yilning bahor mavsumida tumanda 554,2 ming dona daraxt, buta va gul ko‘chatlari ekildi.
Ayni paytda “Bog‘idasht” hududida ulkan “Yangi O‘zbekiston” bog‘i barpo etilmoqda. Shuningdek, tuman markazida ham yangi xiyobon tashkil etilmoqda.
Qurilish-bunyodkorlik ishlari uchun bugungi kungacha 200 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilib, 100 ga yaqin obyektda qurilish va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Aholining munosib turmush sharoitlarini ta’minlash maqsadida 1,7 mingta oilaga mo‘ljallangan 27 ta ko‘p qavatli uy-joy barpo etilmoqda.
Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida ham yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. 2026-yil yakuniga qadar markazlashtirilgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini 98,4 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan. Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan yirik loyiha natijasida esa 2028-yil yakuniga qadar tuman aholisining 100 foizini markazlashtirilgan toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsad qilingan.
Aziz tumandoshlar!
Kelajak, avvalo, ta’lim va tarbiyaga bog‘liq. Shu bois tumanda yosh avlodga sifatli ta’lim berish, ularning bilim va iste’dodini ro‘yobga chiqarishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
So‘nggi yillarda tumanda maktabgacha ta’lim qamrovi 20 foizdan 84,2 foizga yetkazildi. Ta’limga qaratilayotgan e’tibor natijasida 2025-yilda 10 nafar maktab o‘quvchisi respublika va xalqaro fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, joriy yilning olti oyida yana 5 nafar o‘quvchimiz g‘oliblar safidan joy oldi.
Sportchi yoshlarimiz ham yurtimiz sharafini munosib himoya qilmoqda. Joriy yilning o‘tgan olti oyida 42 nafar tumanimiz sportchisi respublika va xalqaro musobaqalarda g‘olib va sovrindor bo‘ldi. Jumladan, 11 nafar sportchimiz xalqaro musobaqalarda, 31 nafari esa respublika chempionatlari va kuboklarida yuqori natijalarni qayd etdi.
Turizm sohasida ham sezilarli natijalarga erishilmoqda. Joriy yilning olti oyida tumanga xorijdan tashrif buyurgan turistlar soni 23,1 ming nafarga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb ikki barobarga oshdi. Turizm xizmatlari eksporti esa 6,6 million AQSh dollarini tashkil etdi.
Bularning barchasi tumandoshlarimizning fidokorona mehnati, tadbirkorlarimizning tashabbusi, dehqon va fermerlarimizning zahmatli mehnati hamda xalqimizning bunyodkorlik ruhining samarasidir.
Mustaqillik yillarida erishgan eng katta yutug‘imiz — tinchlik va osoyishtalik, xalqimizning birdamligi va hamjihatligidir.
Shu bois bugungi shukuhli bayram bizni yana bir bor yagona maqsad atrofida birlashishga, Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo‘lida yanada katta marralarni ko‘zlashga undaydi.
“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan ezgu g‘oya barchamizni ulug‘ maqsadlar sari chorlamoqda.
Fursatdan foydalanib, Mustaqillik bayrami arafasida yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan barcha yurtdoshlarimizni samimiy muborakbod etaman. Ularning Vatanimiz taraqqiyotiga qo‘shayotgan munosib hissasi barchamiz uchun ibratdir.
Aziz tumandoshlar!
Sizlarni yana bir bor O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Barchangizga mustahkam sog‘liq, uzoq umr, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayz-u baraka va farovonlik tilayman.
Yurtimiz osmoni doimo musaffo, xalqimiz qalbi xotirjam, xonadonlarimiz obod, dasturxonlarimiz to‘kin bo‘lsin!
Xalqimiz omon, Vatanimiz tinch, Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!
Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz tumandoshlar!
Hurmat bilan,
Anvarjon Ochilov
Buxoro tuman hokimi
