Mustaqillik — buyuk qadriyatimiz
2026-08-22 13:00:00 / Yangiliklar

Mustaqillik — xalqimizning asriy orzusi, milliy o‘zligimiz, erkin va farovon hayotimizning mustahkam poydevoridir. Bu yil O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini katta shod-u xurramlik, yuksak g‘urur va ko‘tarinki kayfiyat bilan nishonlamoqdamiz.
Mustaqillik yillarida mamlakatimiz ulkan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Bugun yurtimizda inson qadri va uning manfaatlarini ta’minlash, aholi turmush farovonligini oshirish, hududlarni obod qilish, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, ta’lim va tibbiyot sohalarini takomillashtirish, ayniqsa, yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu kabi ezgu va bunyodkorlik ishlari Buxoro tumanida ham izchil davom ettirilmoqda. Mahallalarni obod qilish, aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, ichimlik suvi, elektr energiyasi, yo‘l va boshqa ijtimoiy infratuzilma bilan bog‘liq masalalarni hal etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Eng muhimi, bu jarayonlarda aholining fikri, taklif va murojaatlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xalq deputatlari Buxoro tuman Kengashi deputati sifatida men uchun eng muhim vazifa — aholi bilan doimiy va yaqin muloqotda bo‘lish, ularning muammolarini o‘rganish hamda qonuniy murojaatlarini hal etishga munosib hissa qo‘shishdir. Zero, deputatlik — avvalo, xalq ishonchi, katta mas’uliyat va el-yurt manfaatlariga sadoqat bilan xizmat qilish demakdir.
Bugun biz erishayotgan barcha yutuq va bunyodkorliklarning zamirida tinchlik va osoyishtalik, xalqimizning birdamligi hamda mustaqil taraqqiyot yo‘lidan dadil borayotganimiz mujassam.
Mustaqillikning haqiqiy qadri — tinch va osuda hayotimizda, farzandlarimizning baxtli kelajagi, xalqimizning farovon turmushida namoyon bo‘ladi. Uni asrash, qadrlash va kelajak avlodlarga munosib tarzda yetkazish, Vatanimiz taraqqiyotiga o‘z hissamizni qo‘shish har birimizning muqaddas burchimizdir.
Fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy muborakbod etaman!
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz farovon, mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!
Samadov Sunnatillo Tilavovich,
Xalq deputatlari Buxoro tuman Kengashi deputati
