Inson qadri va yoshlar kelajagi — e’tibor markazida
2026-08-22 13:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida Buxoro tumanida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning farzandlariga munosib ta’lim olishlari uchun zarur sharoit yaratish hamda yoshlarni har tomonlama rag‘batlantirishga qaratilgan xayrli tadbir tashkil etildi.
Tuman hokimligi hamda «Mahalla» xayriya jamoat fondi hamkorligida Buxoro tumanidagi 25-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etilgan tadbirda Buxoro tuman hokimi Anvarjon Ochilov boshchiligidagi korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 55 nafar farzandiga maktab formalari topshirildi. Ushbu ezgu tashabbus bolalarning yangi o‘quv yilini munosib tayyorgarlik bilan boshlashiga ko‘maklashish, oilalarning moddiy yukini yengillashtirish hamda farzandlarning ta’lim olishi uchun teng imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.
Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash va barqaror daromad manbaini yaratish maqsadida amaliy yordamlar ko‘rsatildi. Jumladan, «Kambag‘allik reyestri»ning qizil toifasiga kiritilgan bir nafar ayolga go‘zallik saloni faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun zarur jihozlar, bir nafar yoshga esa payvandlash uskunalari topshirildi.
Bunday amaliy ko‘mak fuqarolarning o‘zini o‘zi band qilishi, kasb-hunar orqali daromad topishi va oilaviy farovonligini oshirishiga xizmat qiladi. Eng muhimi, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga ko‘mak ko‘rsatish bilan birga, ularning kelgusida mustaqil daromad topishi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.
Tadbirda mahallalarda yoshlar bilan ishlash samaradorligini yanada oshirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda bir nafar yoshlar yetakchisiga kompyuter jamlanmasi, yana ikki nafar yoshlar yetakchisiga kitoblar to‘plami sovg‘a qilindi.
Mazkur sovg‘alar yoshlar yetakchilarining mahallalarda yoshlar bilan ishlash jarayonini zamonaviy va samarali tashkil etishi, ularning muammolarini o‘rganishi, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashi hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishi uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Bugungi kunda davlatimiz tomonidan yoshlarning bilim olishi, kasb-hunar egallashi, zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirishi va o‘z iqtidorini namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Buxoro tumanida tashkil etilayotgan bunday xayrli tadbirlar esa mazkur imkoniyatlarni amaliy qo‘llab-quvvatlash, yoshlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga e’tiborni yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Inson qadrini ulug‘lash, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini ta’minlash va yoshlar uchun munosib sharoit yaratish — Buxoro tumanida amalga oshirilayotgan ishlarning muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Zero, har bir bolaning ta’lim olishi, har bir oilaning farovonligi va har bir yoshning o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun yaratilgan imkoniyatlar yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligining muhim omilidir.









