Ma’naviyat va davlat tili maslahatchilari faoliyatining yangi bosqichi
2026-08-19 14:30:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 7-avgustdagi “Respublikada davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 437-son qarori mamlakatimizda davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari ijrosini ta’minlashda muhim huquqiy asos bo‘ldi.
Ushbu qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatiga to‘xtalar ekanmiz, avvalo, hujjatda belgilangan yangi mexanizmlarga e’tibor qaratish lozim.
Qaror bilan respublika darajasidagi davlat organlari, xo‘jalik birlashmalarining markaziy apparatlari hamda mahalliy hokimliklarda joriy etilgan “rahbarning ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi” lavozimining faoliyati aniq tartibga solindi.
Mazkur maslahatchilar faoliyatining Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan muvofiqlashtirilishi va ularga uslubiy rahbarlik qilinishi ishlarning tartibli hamda yagona yondashuv asosida olib borilishini ta’minlaydi.
Qaror ijrosi doirasida davlat organlaridagi tashqi yozuvlar, lavhalar, e’lonlar va reklamalarning davlat tili talablariga muvofiqligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilishi o‘zbek tilining qonuniy maqomini amalda mustahkamlashga xizmat qiladi.
Vazirlar Mahkamasining 437-son qarori davlat boshqaruvida o‘zbek tilining nufuzini yanada oshirish, idoralarda ish yuritish madaniyatini takomillashtirish hamda davlat tilining sofligini ta’minlash yo‘lidagi muhim tashkiliy-huquqiy asosdir.
Belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi davlat tiliga bo‘lgan hurmatni yanada yuksaltirish, jamiyatimizda ma’naviy muhitni mustahkamlash hamda davlat tilining nufuzini oshirishga xizmat qiladi.
Firuz Mirsoliyev,
Buxoro tumani hokimining ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi
