BUXORO VILOYATIDA BOG‘ VA TOKZORLAR BARPO ETISH BO‘YICHA ILMIY-AMALIY TAVSIYALAR
2026-08-13 15:25:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Akademik M.Mirzaev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda Agrosanoatni rivojlantirish agentligi tomonidan Buxoro viloyatining tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, mevali bog‘lar va tokzorlarni barpo etish bo‘yicha tavsiyanoma ishlab chiqilgan. Unda yer maydonini tayyorlash, ko‘chatlarni ekish sxemalari, payvandtaglarni tanlash, sug‘orish, o‘g‘itlash, shakl berish, simbag‘azlar o‘rnatish va navlarni tanlash bo‘yicha muhim tavsiyalar keltirilgan.
YER MAYDONINI TAYYORLASH VA KO‘CHAT EKISH
Ko‘chat ekish uchun tanlangan maydon kuzda 50–60 sm chuqurlikda plantaj plugi bilan haydalishi, bahorda esa zaruratga ko‘ra 35–40 sm chuqurlikda haydalib, lazer tekislagich yordamida tekislanishi tavsiya etiladi. Lazerli tekislash suvdan tejamkor foydalanish samaradorligini 2–3 barobarga oshirish imkonini beradi. Ko‘chatlar uchun 60×60 sm o‘lchamda chuqurlar tayyorlanib, unga 350–400 gramm fosforli, 30–40 gramm kaliyli o‘g‘it va 8–10 kg chirigan go‘ng solinadi. Ko‘chatning payvand qilingan joyi tuproq sathidan 2–3 sm yuqorida qoldirilishi lozim.
💧 SUG‘ORISH VA PARVARISH
Yangi barpo etilgan bog‘larda ko‘chatlarning dastlabki davrda suv bilan ta’minlanishiga alohida e’tibor qaratish zarur. Tomchilatib sug‘orish tizimi orqali suvni o‘simlik ehtiyojiga mos ravishda ildiz qatlamiga yetkazib berish, tuproq namligini bir maromda saqlash va suv resurslaridan samarali foydalanish mumkin. Sharoitdan kelib chiqib, tuproq namligini doimiy saqlash maqsadida vegetatsiya davrida 12–14 martagacha sug‘orish tavsiya etiladi. Yosh bog‘larni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish ham muhim agrotexnik tadbirlardan hisoblanadi.
🌿 SHAKL BERISH, O‘G‘ITLASH VA SIMBAG‘AZLAR
Intensiv bog‘larda ko‘chatlarga belgilangan agrotexnik talablar asosida shakl berish, asosiy lider novdani saqlash va yon shoxlarni rivojlantirish tavsiya etiladi. Birinchi yilning o‘zida temir-beton ustunlar o‘rnatilib, sim tortiladi va olma hamda nok ko‘chatlari simbag‘azlarga bog‘lab parvarish qilinadi. Yosh ko‘chatlarni oziqlantirish maqsadida aprel oyining ikkinchi yarmi va iyun oyida har bir ko‘chat atrofiga 100–120 grammdan azotli o‘g‘it berish, kuzda esa fosforli, kaliyli va organik o‘g‘itlardan foydalanish maqsadga muvofiq.
🍐 BUXORO VILOYATI SHAROITIDA TAVSIYA ETILADIGAN NAVLAR
Bog‘lar uchun olmaning “Renet Simirenko”, “Golden Delishes”, “Gala”, “Xosildor”, nokning “Zimnyaya nashvati 2”, “Lesnaya Krasavitsa”, “Olive de Serr”, behi uchun “Samarkandskaya krupnoplodnaya”, “Izobilnaya” navlari tavsiya etiladi. Shuningdek, olxo‘rining “Yujnaya krasavitsa”, “Stenli”, gilosning “Volove serdse”, “Drogana jyoltaya”, “Revershon”, shaftolining “Obilniy”, “Svit Drim”, “Fantaziya”, o‘rikning “Kandak”, “Yubileyniy Navoiy”, “Kursodik”, “Subxoni” navlarini barpo etilayotgan bog‘larga ekish mumkin.
🍇 TOKZORLAR UCHUN TAVSIYA ETILADIGAN NAVLAR
Xo‘raki uzum navlaridan “Toyfi rozoviy”, “Husayni rozoviy”, “Kara janjal”, kishmish navlaridan “Kishmish rozoviy”, “Kishmish cherniy”, sharobbop navlardan esa “Saperavi” va “Bayan Shirey” navlarini simbag‘azlarda belgilangan ekish sxemalari asosida parvarishlash tavsiya etiladi. Uzumzorlarda 3×2,5 metr va 4×3 metr sxemalardan foydalanilib, gektariga nav va ekish usuliga qarab 833–1333 dona ko‘chat joylashtirish mumkin.
📌 Tavsiyanoma talablariga rioya etgan holda bog‘ va tokzorlarni ilmiy asosda tashkil etish, zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish, sifatli ko‘chat va maqbul navlarni tanlash kelgusida yuqori hosildorlikka erishish hamda suv va yer resurslaridan samarali foydalanish uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
