Buxoro tumani hokimining navbatdagi fuqarolar qabuli o‘tkazildi
2026-08-14 18:50:00 / Yangiliklar

Aholi bilan ochiq va samimiy muloqot o‘rnatish, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni tinglash hamda ularning qonuniy murojaatlariga o‘z vaqtida yechim topish davlat organlari faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Joylarda muntazam tashkil etilayotgan shaxsiy va sayyor qabullar esa aholi bilan bevosita muloqot qilish, muammolarni joyida o‘rganish va ularni hal etishning samarali mexanizmi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shu maqsadda 14-avgust kuni Buxoro tumani hokimi Anvarjon Ochilovning navbatdagi fuqarolar qabuli tuman Xalq qabulxonasi binosida bo‘lib o‘tdi.
Unda 40 dan ortiq fuqaro ishtirok etdi. Qabul jarayonida tuman hokimining o‘rinbosarlari, korxona va tashkilotlar rahbarlari hamda mutasaddi mas’ullar qatnashib, fuqarolarning murojaatlarini bevosita tingladilar.
Muloqot davomida fuqarolar tomonidan kadastr, ishga joylashish, moddiy yordam tayinlash, sog‘lig‘ini tiklashda amaliy ko‘mak ko‘rsatish, uy-joy, kommunal xizmatlar hamda boshqa ijtimoiy masalalar yuzasidan murojaatlar bildirildi.
Har bir murojaat mas’ullar ishtirokida atroflicha ko‘rib chiqilib, amaldagi qonunchilik talablari asosida huquqiy va amaliy jihatdan o‘rganildi. Muammolarni imkon qadar joyida hal etishga alohida e’tibor qaratildi.
Qabul davomida aksariyat murojaatlar ijobiy yechim topdi. Qo‘shimcha o‘rganish va muayyan muddatni talab etadigan masalalar esa tegishli tashkilot va korxonalarga ijro uchun yo‘naltirilib, ularni hal etish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar va muddatlar belgilandi. Murojaatlarning ijrosi tuman hokimligi tomonidan nazoratga olindi.
Bunday qabullar fuqarolarni qiynayotgan muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish, aholi bilan ochiq muloqotni yanada mustahkamlash hamda “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyilni amalda ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Zero, har bir murojaat ortida insonning hayoti, taqdiri va ertangi kunga bo‘lgan umidi mujassam. Shu bois fuqarolarning har bir murojaatiga e’tibor bilan yondashish, ularning muammolariga yechim topish va qonuniy manfaatlarini ta’minlash davlat idoralari oldidagi muhim vazifalardan biridir.









