Yoshlar — davlat e’tibori va qo‘llab-quvvatlovining markazida
2026-08-13 14:05:00 / Yangiliklar

So‘nggi yillarda mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, bilim va kasb egallashi, tadbirkorlik tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishi uchun keng imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan yoshlar masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanib, ularning zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashi, o‘z salohiyatini namoyon etishi hamda jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ana shu e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasi sifatida har hafta payshanba kuni “Yoshlar kuni” doirasida yoshlar bilan ochiq muloqotlar, uchrashuvlar va turli tadbirlar tashkil etib kelinmoqda.
Bugun ham Buxoro tumanida ushbu an’ana davom ettirilib, tuman hokimi Anvarjon Ochilov Istiqbol mahallasidagi 15-son umumta’lim maktabida tadbirkor yoshlar hamda tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagidagi yoshlar bilan uchrashdi.
Ochiq muloqot davomida yoshlarning biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, yangi loyihalarni amalga oshirish, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, tadbirkorlik faoliyatini boshlash, loyihalarni moliyalashtirish, mavjud imtiyoz va imkoniyatlardan foydalanish hamda o‘z tashabbuslarini amalga oshirish yuzasidan fikr va takliflarini bildirdilar.
Tuman hokimi yoshlarning har bir tashabbusi muhim ekanini ta’kidlab, ularning murojaatlarini tingladi. Bildirilgan taklif va muammolarni o‘rganish, istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda yosh tadbirkorlarga amaliy ko‘mak ko‘rsatish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Bugungi kunda yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash nafaqat ularning bandligini ta’minlash, balki yangi ish o‘rinlari yaratish, mahallalar iqtisodiy salohiyatini oshirish va hudud rivojiga yoshlarning munosib hissasini ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.









