Buxoro tumanida 23 nafar bola uchun sunnat to‘yi o‘tkazildi
2026-08-12 14:30:00 / Yangiliklar

O‘g‘il farzand dunyoga kelganda har bir ota-ona, nasib qilsa, elga osh berib, to‘y-tantanalar o‘tkazishni orzu qiladi. Biroq turli oilaviy sharoit va hayotiy sinovlar sabab ayrim oilalar farzandlarining sunnat to‘yini munosib tarzda o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lavermaydi.
Bugungi kunda mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan xalqimiz kayfiyatini ko‘tarish, ijtimoiy himoyaga muhtoj va ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ezgu tashabbuslar amalga oshirilmoqda.
Ana shunday xayrli tadbirlardan biri Buxoro tumanida ham tashkil etildi. Tuman hokimi Anvarjon Ochilov tashabbusi bilan boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun sunnat to‘yi o‘tkazildi.
“Muhayyo” to‘yxonasida tashkil etilgan tadbirda 23 nafar bolaning sunnat to‘yi birgalikda nishonlandi. Shodiyonada tuman hokimi Anvarjon Ochilov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni Mustaqilligimizning 35 yilligi bilan, to‘ylari nishonlanayotgan bolajonlarning ota-onalarini esa ushbu quvonchli kun bilan samimiy muborakbod etdi.
Tadbir davomida mamlakatimizda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ehtiyojmand oilalarga ko‘mak berish, farzandlar tarbiyasi va ularning munosib kelajagini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarning ahamiyati ta’kidlandi.
Shuningdek, to‘y bolalariga homiylar tomonidan velosiped va turli o‘yinchoqlar sovg‘a qilindi. Bu esa bolajonlarning quvonchiga quvonch qo‘shib, bayramga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
— Bugungi kun biz uchun juda katta quvonch bo‘ldi. Farzandimning sunnat to‘yi shunday chiroyli va unutilmas tarzda o‘tkazilayotganidan nihoyatda xursandman. Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi. Buning uchun yurtimizda inson qadri va oilalar farovonligiga qaratilayotgan e’tibor uchun minnatdorchilik bildiraman, — deydi “Podshoxi” mahallasida yashovchi Dilnoza Samadova.
Shodiyonada Navro‘z mahallasida yashovchi Oltinoy G‘afforova ham o‘zining samimiy fikrlarini bildirdi:
— Farzandimning sunnat to‘yini nishonlash biz uchun katta quvonch. Bugungi tadbirda bizga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan juda mamnunmiz. Ayniqsa, bolajonlarning yuzidagi quvonchni ko‘rib, biz ota-onalar ham behad xursand bo‘ldik. Bunday ezgu tashabbuslar oilalarga nafaqat moddiy, balki ma’naviy dalda ham beradi. Tashkilotchilarga, homiylarga va barchaga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
Tadbirning badiiy qismida tuman madaniyat bo‘limi san’atkorlari tomonidan tayyorlangan teatrlashtirilgan tomoshalar, kuy-qo‘shiq va musiqiy chiqishlar namoyish etildi. Bayramona dastur to‘y bolalari va ularning yaqinlariga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Zero, bunday ezgu tadbirlar orqali nafaqat bolajonlarga quvonch ulashiladi, balki ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, inson qadrini ulug‘lashdek ezgu qadriyatlar yanada mustahkamlanadi.









