Buxoro tumani delegatsiyasining Xitoy safari amaliy natijalarga boy bo‘ldi
2026-08-11 09:45:00 / Yangiliklar

Buxoro tumaniga xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, tumanning eksport geografiyasini kengaytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida 2026-yilning 2–7-avgust kunlari tuman hokimi Anvarjon Ochilov boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoy Xalq Respublikasiga xizmat safari amalga oshirildi.
Tashrif doirasida delegatsiya Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni va Shanxay shahrida yirik kompaniyalar hamda xususiy korxonalar rahbarlari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralar davomida investitsiya, eksport, qishloq xo‘jaligi, qayta ishlash sanoati, zamonaviy agrotexnologiyalar va qurilish yo‘nalishlarida umumiy qiymati 250 million AQSh dollariga teng kelishuvlarga erishildi.
Organik o‘g‘it ishlab chiqarish bo‘yicha loyiha
3–5-avgust kunlari Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonida o‘tkazilgan uchrashuvlar davomida qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalar, aqlli sug‘orish tizimlari va raqamli agrotexnologiyalarni joriy etishga ixtisoslashgan “Xinjiang Dayu Smart Agricultural Technology Co., Ltd.” kompaniyasi faoliyati bilan yaqindan tanishildi.
Mazkur kompaniya Xitoyning suv tejovchi texnologiyalar sohasidagi yirik “Dayu Irrigation Group Co., Ltd.” xoldingi tarkibiga kiruvchi Shinjon hududidagi bosh sho‘ba korxonalaridan biri hisoblanadi.
Uchrashuv davomida “Xinjiang Dayu Smart Agricultural Technology Co., Ltd.” hamda Buxoro tumanida faoliyat yurituvchi “UCH QARAGAY AGRO LAND” MCHJ QK o‘rtasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Natijada Buxoro tumanida 2026–2028-yillarda organik o‘g‘itlar ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. Loyihaning umumiy qiymati 100 million AQSh dollarini tashkil etadi. Kompaniya vakillari loyiha bo‘yicha amaliy ishlarni 2026-yil avgust–sentabr oylarida Buxoro tumanida boshlashini ma’lum qildi.
Qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi
Shuningdek, “Xinjiang Yize International Economic and Trade Co., Ltd.” kompaniyasi bilan Buxoro tumanida qiymati 150 million AQSh dollariga teng barcha turdagi qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Mazkur loyihada ishlab chiqarishning dastlabki 1–3 yili davomida mahsulotlarni 60 foizgacha, 3–5-yillarda esa 80 foizgacha mahalliylashtirish ko‘zda tutilmoqda.
Loyihaning amalga oshirilishi qishloq xo‘jaligi texnikalariga bo‘lgan ichki talabni mahalliy ishlab chiqarish hisobidan ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda ishlab chiqarishning mahalliylashtirish darajasini oshirishga xizmat qiladi.
Tashrif davomida delegatsiya Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonida yirik chorvachilik, kartoshka va pomidor yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Mutaxassislar bilan uchrashuvlarda qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va ilg‘or tajribalarni o‘rganish bo‘yicha fikr almashildi.
Buxoro mahsulotlari Xitoy bozoriga eksport qilinadi
Xizmat safarining 6–7-avgust kunlari Shanxay shahrida o‘tkazilgan uchrashuvlari ham amaliy natijalarga boy bo‘ldi.
Jumladan, “Shanghai Ivcsun Industrial Development Co., Ltd.” kompaniyasi bilan Buxoro tumanida yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Xitoy bozoriga eksport qilish masalasida muzokaralar olib borildi.
Yillik aylanmasi 5 milliard AQSh dollarini tashkil etuvchi kompaniya Xitoy va xalqaro bozorlarda yuqori sifatli sarxil mevalar, xususan, import mevalar savdosi, logistika va ta’minot zanjirini boshqarish yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi.
Muzokaralar natijasida Buxoro tumanidan Xitoyga yiliga 11 million AQSh dollari miqdorida meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish, shuningdek, turli xil mevalardan muzqaymoq ishlab chiqarish faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Qurilish sohasida ham yangi hamkorlik
Tashrif doirasida Buxoro tumanida faoliyat yurituvchi “Politex Progres” MCHJ vakillari Shanxayning yirik qurilish kompaniyalari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida sheriklik asosida Buxoro viloyatida ko‘p qavatli turarjoy binolarini qurish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Tashrif natijalari — amaliy loyihalar va yangi imkoniyatlar
Umuman olganda, Buxoro tumani delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasiga xizmat safari davomida investitsiya, eksport, qishloq xo‘jaligi, sanoat va qurilish yo‘nalishlarida muhim kelishuvlarga erishildi.
Tashrif davomida organik o‘g‘it ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi texnikalarini mahalliylashtirish, meva-sabzavot mahsulotlarini Xitoy bozoriga eksport qilish, mevali muzqaymoq ishlab chiqarish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish va qurilish sohalarida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha aniq kelishuvlar imzolandi.
Mazkur kelishuvlarning amaliy ijrosini ta’minlash, loyihalarni belgilangan muddatlarda ishga tushirish va erishilgan natijalarni izchil davom ettirish maqsadida barcha kelishuvlar ijrosi qat’iy nazoratga olindi. Ularning bajarilishi yuzasidan doimiy monitoring olib borilib, amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha muntazam axborot kiritib boriladi.
Buxoro tumanining Xitoy bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan ushbu tashrifi xorijiy investitsiyalarni jalb etish, eksport salohiyatini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish borasida muhim amaliy qadam bo‘ldi.









