Otasi izidan borayotgan yosh ijodkor — milliy san’at davomchisi
2026-08-08 08:55:00 / Yangiliklar

Buxoro tumanidagi Naqshband hunarmandchilik markazida milliy hunarmandchilik an’analarini asrab-avaylash, yosh avlodga hunar sirlarini o‘rgatish hamda ijodkor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida izchil ishlar olib borilmoqda.
Ana shunday ijodkor yoshlardan biri — Sabina Nusratillayeva. U yoshligidan san’at va hunarga mehr qo‘yib ulg‘aygan. Uning so‘zlariga ko‘ra, rassomchilikka bo‘lgan qiziqishi maktabda tahsil olayotgan davridayoq shakllangan. Bu boradagi dastlabki saboqlarni esa otasi, Naqshband hunarmandchilik markazi rahbari Akmal Muhiddinovdan olgan.
Sabina otasidan rassomchilikning ko‘plab sir-asrorlarini o‘rganib, vaqt o‘tishi bilan tasviriy san’atga bo‘lgan qiziqishini yanada rivojlantirdi. Aynan shu qiziqish uni rassomchilik yo‘nalishida oliy ta’lim olishga undadi.
Bugungi kunda Sabina rassomchilik yo‘nalishida oliy ta’limni tamomlab, o‘z bilim va tajribalarini yoshlar bilan baham ko‘rib kelmoqda. U Naqshband hunarmandchilik markazida yoshlarga rassomchilik hamda milliy somon san’ati bo‘yicha saboq berib, ularning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda.
Sabinaning ijodiy faoliyati nafaqat Buxoro tumani, balki mamlakatimiz miqyosidagi tadbirlarda ham e’tirof etilmoqda. U bir necha bor Toshkent shahrida o‘tkazilgan Xalqaro amaliy tasviriy san’at haftaligida munosib ishtirok etib, o‘z ijod namunalari bilan qatnashgan.
Shuningdek, 2024-yilda otasi Akmal Muhiddinov bilan birgalikda Londonda o‘tkazilgan xalqaro haftalikda ham ishtirok etgan. Ushbu tadbirlar orqali Sabina milliy san’atimiz va hunarmandchilik an’analarini xalqaro miqyosda namoyish etishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
Bugun Sabina o‘z faoliyati orqali otasidan olgan hunar va tajribani davom ettirib, uni yosh avlodga yetkazishga intilmoqda. Uning rassomchilik va milliy somon san’atini yoshlar orasida targ‘ib qilayotgani hunarmandchilik an’analarining davomiyligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, Nusratillayeva Sabinaning ijodiy faoliyati — ota izidan borib, milliy san’at va hunarmandchilik an’analarini yangi avlodga yetkazayotgan yosh ijodkorning ibratli faoliyatidir.









