Buxoro tumani hokimi Anvarjon Ochilovning Xitoyga tashrifi davom etmoqda
2026-08-05 18:00:00 / Yangiliklar

Buxoro tumani hokimi Anvarjon Ochilov boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoy Xalq Respublikasiga xizmat safari amaliy uchrashuvlar va tajriba almashish ishlari bilan davom etmoqda.
Navbatdagi tashrif doirasida delegatsiya Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonida faoliyat yuritayotgan ilg‘or fermer xo‘jaligida bo‘lib, zamonaviy chorvachilik hamda organik o‘g‘it ishlab chiqarish tajribasi bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur fermer xo‘jaligida 2 ming bosh chorva mollari parvarish qilinib, ishlab chiqarish jarayonlariga zamonaviy texnologiyalar joriy etilgan. Ayniqsa, chorvachilik chiqindilarini qayta ishlash orqali mahalliy sharoitda organik o‘g‘it ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgani delegatsiya a’zolari tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganildi.
Tashrif davomida chorvachilikni samarali rivojlantirish, naslchilikni takomillashtirish, organik o‘g‘it ishlab chiqarish texnologiyalarini qo‘llash hamda ushbu ilg‘or tajribani Buxoro tumanida joriy etish imkoniyatlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Shuningdek, tomonlar o‘rtasida chorvachilik va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Xizmat safari davomida o‘rganilayotgan ilg‘or tajribalar Buxoro tumanida chorvachilikni rivojlantirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda qishloq xo‘jaligida zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etishga xizmat qilishi kutilmoqda.








