Rabotiqalmoq mahallasida zamonaviy maktabgacha ta’lim maskani bunyod etilmoqda
2026-08-01 16:45:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, bolajonlar uchun zamonaviy, qulay va xavfsiz ta’lim-tarbiya muhitini yaratish borasida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Bu boradagi sa’y-harakatlar Buxoro tumanida ham izchil davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-dekabrdagi “2026–2028-yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 393-son qarori asosida Buxoro tumani Rabotiqalmoq mahallasida joylashgan 43-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti o‘rnida zamonaviy loyiha asosida 120 o‘rinli yangi bino barpo etilmoqda.
Mazkur maktabgacha ta’lim tashkilotining avvalgi binosi o‘tgan asrning 80-yillarida qurilgan bo‘lib, yillar davomida foydalanish natijasida ta’mirtalab holatga kelgan edi. Shu bois hududda bolajonlar uchun zamonaviy talablarga javob beradigan, barcha qulayliklarga ega yangi ta’lim maskanini bunyod etish ishlari boshlab yuborildi.
Loyiha “PO‘LAT SUV QURILISH MONTAJ” MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan bo‘lib, qurilish ishlari uchun 5 milliard 600 million so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.
Yangi binoda tarbiyalanuvchilar uchun zamonaviy guruh xonalari, qulay tarbiyaviy va maishiy sharoitlar, ta’lim-tarbiya jarayonini samarali tashkil etish uchun zarur imkoniyatlar yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Mazkur bunyodkorlik loyihasi foydalanishga topshirilgach, Rabotiqalmoq mahallasidagi bolajonlar uchun zamonaviy, xavfsiz va qulay ta’lim muhiti yaratiladi. Bu esa maktabgacha ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Buxoro tumanida ijtimoiy soha obyektlarini yangilash, ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan bunday loyihalar hudud aholisining turmush farovonligini oshirish hamda kelajak avlod uchun munosib sharoitlar yaratishga qaratilgan.









