Yoshlar va tadbirkorlik: yangi imkoniyatlar sari ochiq muloqot
2026-07-31 18:30:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘rgatish, tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish hamda o‘z biznes g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularga moliyaviy va amaliy ko‘mak ko‘rsatish orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish muhim vazifalardan biri sifatida belgilanmoqda.
Shu maqsadda “Agrobank” ATB Buxoro tuman filialida yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Muloqot davomida yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini boshlashi, mavjud biznesini kengaytirishi, yangi loyihalarni amalga oshirishi va daromadli faoliyat bilan shug‘ullanishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Ochiq muloqotda yoshlarning biznes boshlashga bo‘lgan qiziqishi, ularni tadbirkorlikka jalb etishning samarali yo‘llari, moliyaviy savodxonligini oshirish, kredit va boshqa moliyaviy xizmatlardan foydalanish masalalari yuzasidan fikr va takliflar bildirildi. Yoshlar tomonidan o‘zlarini qiziqtirgan savollar o‘rtaga tashlanib, mutaxassislar tomonidan ularga batafsil javoblar berildi.
Tadbirda, ayniqsa, tadbirkorlik faoliyatini endigina boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning loyiha va tashabbuslarini amaliy jihatdan ro‘yobga chiqarish, biznes yuritish ko‘nikmalarini shakllantirish muhimligi ta’kidlandi. Zero, yoshning bitta yaxshi g‘oyasi nafaqat uning o‘ziga, balki kelgusida boshqa fuqarolar uchun ham yangi ish o‘rinlari yaratishiga xizmat qilishi mumkin.
Muloqot davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha mutaxassislardan bevosita tavsiyalar olish, biznes g‘oyalarini muhokama qilish va kelgusidagi rejalarini belgilab olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Bunday uchrashuvlar yoshlarning tashabbuskorligini oshirish, ularni mustaqil daromad manbaiga ega bo‘lishga undash, tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash hamda yoshlar orasida yangi biznes loyihalarini ko‘paytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Eng muhimi, yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot ularning muammo va takliflarini bevosita eshitish, har bir tashabbusga alohida e’tibor qaratish hamda amaliy yordam ko‘rsatish imkonini bermoqda.
Bugun Buxoro tumanida o‘z biznesini boshlash istagidagi, yangilikka intiluvchan va tashabbuskor yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanib, bilim va mehnatini tadbirkorlik bilan uyg‘unlashtirgan yoshlar nafaqat o‘z kelajagini, balki hudud iqtisodiy taraqqiyotini ham yangi bosqichga olib chiqishga munosib hissa qo‘shishi shubhasiz.








