Buxoro tumani: Qavola Mahmud mahallasidagi “Rostexstroy” qo‘shma korxonasi ishlab chiqarish va eksport salohiyatini kengaytirmoqda
2026-07-28 16:50:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda to‘qimachilik sanoatini zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish, paxta tolasini chuqur qayta ishlash, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Buxoro tumanida ham istiqbolli loyihalar izchil amalga oshirilib, hududning sanoat salohiyati yildan yilga yuksalib bormoqda.
Tumanning Qavola Mahmud mahallasida faoliyat yuritayotgan “Rostexstroy” MCHJ shaklidagi O‘zbekiston–Rossiya qo‘shma korxonasi ana shunday zamonaviy ishlab chiqarish korxonalaridan biridir. Korxona trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, bugungi kunda 30 nafardan ortiq mahalliy aholini doimiy ish o‘rni bilan ta’minlab kelmoqda.
Korxonada Yevropa texnologiyalari asosida sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Xususan, turli o‘lchamdagi sochiqlar, choyshablar, xalatlar, pareo to‘plamlari hamda trikotaj futbolkalari zamonaviy uskunalarda tayyorlanib, yuqori sifat standartlari asosida iste’molchilarga yetkazib berilmoqda.
Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar nafaqat ichki bozor ehtiyojini qondirish, balki eksport geografiyasini kengaytirishga ham xizmat qilmoqda. Ayni paytda korxona mahsulotlari Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda boshqa xorijiy davlatlarga eksport qilinib, mahalliy mahsulotlarning xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini yanada oshirishga munosib hissa qo‘shmoqda.
Bugun, 28-iyul kuni Xalq deputatlari Buxoro tumani Kengashi deputati R. Nabiyev hamda Kengash kotibiyati mudiri S. Samadov korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Tashrif davomida ishlab chiqarish jarayonlari, yaratilgan mehnat sharoitlari, mahsulot sifati va eksport ko‘rsatkichlari ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, korxonaning istiqboldagi rivojlanish rejalari, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda eksport hajmini oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Bugungi kunda “Rostexstroy” qo‘shma korxonasi zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari, sifatli mahsulotlari va eksport salohiyati bilan Buxoro tumani sanoati rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Korxona faoliyatini yanada kengaytirish, mahsulot turlarini ko‘paytirish va yangi bozorlarni o‘zlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hududning iqtisodiy taraqqiyoti hamda aholi bandligini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.









