Buxoro tumani hokimi Anvarjon Ochilovning navbatdagi sayyor qabuli Do‘stlik mahallasida bo‘lib o‘tdi
2026-07-28 15:30:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda fuqarolar bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, aholini qiynab kelayotgan muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va ularni joyida bartaraf etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Joylarda tashkil etilayotgan sayyor qabullar esa aholi murojaatlarini bevosita tinglash, ularning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda hududlarni kompleks rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Shu maqsadda bugun, 28-iyul kuni Buxoro tumani hokimi Anvarjon Ochilovning navbatdagi sayyor qabuli Do‘stlik mahallasida bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi o'rinbosarlari, tegishli korxona va tashkilotlar mas’ullari, mahalla faollari hamda fuqarolar ishtirok etdi.
Ochiq va samimiy muloqot tarzida o‘tgan qabul davomida fuqarolar tomonidan ichki yo‘llarni ta’mirlash, elektr energiyasi va ichimlik suvi ta’minoti, bandlik, ijtimoiy yordam, kadastr, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda boshqa yo‘nalishlarga oid murojaat va takliflar bildirildi.
Har bir murojaat tuman hokimi hamda mutasaddi rahbarlar ishtirokida atroflicha ko‘rib chiqildi. O‘z yechimini topishi mumkin bo‘lgan masalalar joyida hal etildi, qo‘shimcha o‘rganish va vaqt talab qiladigan murojaatlar esa tegishli tashkilotlarga biriktirilib, ularning ijrosi yuzasidan aniq muddatlar belgilandi hamda nazoratga olindi.
Sayyor qabul davomida yoshlar bilan ham alohida muloqot qilinib, ularning bandligini ta’minlash, kasb-hunar egallashi, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Buxoro tumanida fuqarolar bilan ochiq muloqot qilish, ularning murojaatlarini tizimli ravishda o‘rganish va mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan sayyor qabullar bundan buyon ham izchil davom ettiriladi.









