Buxoro tumani hokimining navbatdagi fuqarolar qabuli o‘tkazildi
2026-07-24 10:55:00 / Yangiliklar

Buxoro tumani hokimi Anvarjon Ochilov boshchiligida tuman Xalq qabulxonasida jismoniy va yuridik shaxslar vakillari uchun navbatdagi fuqarolar qabuli o‘tkazildi. Unda tuman hokimining o‘rinbosarlari, tegishli korxona va tashkilotlar rahbarlari, soha mutasaddilari hamda mas'ul idoralar vakillari ishtirok etdi.
Fuqarolar qabuli aholini qiynayotgan muammolarni o‘z vaqtida aniqlash, ularning qonuniy manfaatlarini ta'minlash hamda murojaatlarga amaliy yechim topish maqsadida ochiq muloqot shaklida tashkil etildi. Qabul davomida har bir murojaat alohida e'tibor bilan tinglanib, uning mazmun-mohiyati yuzasidan mutasaddilarning axborotlari eshitildi.
Qabulda 20 nafardan ortiq fuqaro o‘z murojaatlari bilan ishtirok etdi. Murojaatlar asosan bandlikni ta'minlash, ichimlik suvi, elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichki yo‘llarni ta'mirlash, kadastr va yer munosabatlari, uy-joy, ijtimoiy yordam, tadbirkorlikni rivojlantirish, kommunal xizmatlar hamda boshqa dolzarb masalalarga oid bo‘ldi.
Har bir murojaat tuman hokimi boshchiligida tegishli tashkilot va idoralar rahbarlari ishtirokida atroflicha muhokama qilindi. Murojaatlarning bir qismi qabul jarayonining o‘zida ijobiy hal etilib, fuqarolarga huquqiy tushuntirish va amaliy yordam ko‘rsatildi. Qo‘shimcha o‘rganish hamda vaqt talab etadigan masalalar yuzasidan mas'ul rahbarlarga aniq topshiriqlar berilib, ularni ijro etishning muddatlari belgilandi hamda ijrosi alohida nazoratga olindi.
Muloqot davomida tuman hokimi Anvarjon Ochilov fuqarolarning har bir murojaati e'tibordan chetda qolmasligi, ularning muammolarini hal etishda mas'ul tashkilotlar faoliyati yanada kuchaytirilishi lozimligini ta'kidladi. Shuningdek, murojaatlarni joyiga chiqib o‘rganish, aholini qiynayotgan masalalarni tizimli hal etish hamda fuqarolar bilan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Ta'kidlash joizki, Buxoro tumanida fuqarolar bilan ochiq muloqot qilish, ularning muammo va takliflarini tinglash hamda har bir murojaatga qonuniy va adolatli yechim topish bo‘yicha tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda. Ana shunday qabullar orqali aholini o‘ylantirayotgan masalalar o‘z vaqtida aniqlanib, ularni bartaraf etish yuzasidan zarur choralar ko‘rilmoqda.
Fuqarolar manfaatlarini ta'minlash, ularning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash hamda xalq bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish maqsadida bunday qabullar Buxoro tumanida muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.









