Buxoro tumanida rahbar va yoshlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
2026-07-23 12:20:00 / Yangiliklar

Buxoro tuman hokimligida "Payshanba — Yoshlar kuni" munosabati bilan rahbar va yoshlar uchrashuvi tashkil etildi. Ochiq muloqotdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarning muammo va takliflarini bevosita tinglash, ularni qiynayotgan masalalarga amaliy yechim topish hamda davlatimiz tomonidan yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish yuzasidan fikr almashishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda Buxoro tuman hokimi Anvarjon Ochilov, yoshlar bilan ishlashning mutlaqo yangi tizimini joriy etish maqsadida tuzilgan Respublika ishchi guruhi a'zolari, tuman hokimining o‘rinbosarlari, tegishli tashkilot va idoralar rahbarlari, mutasaddi mas'ullar hamda tumanning turli mahallalaridan tashrif buyurgan yoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuvni kirish so‘zi bilan ochgan tuman hokimi yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta'minlash, zamonaviy kasblarni egallashi, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi hamda ijtimoiy faolligini oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini alohida ta'kidladi. Shuningdek, yoshlar murojaatlarini o‘z vaqtida hal etish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va muammolariga befarq bo‘lmaslik barcha mutasaddi rahbarlarning asosiy vazifasi ekani qayd etildi.
Samimiy va ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda 30 nafardan ortiq yoshlar o‘zlarini qiziqtirayotgan masalalar, muammo va takliflarini bevosita tuman hokimi hamda mutasaddi rahbarlarga bayon qildilar. Murojaatlar asosan doimiy ish bilan ta'minlash, tadbirkorlik faoliyatini boshlash, imtiyozli kredit olish, kasb-hunar o‘rganish, ta'lim, uy-joy, yer ajratish hamda boshqa ijtimoiy masalalarga oid bo‘ldi. Ayrim yoshlar o‘z tashabbus va loyihalarini ham taqdim etib, ularni amalga oshirish yuzasidan amaliy ko‘mak so‘radilar.
Har bir murojaat mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirokida atroflicha ko‘rib chiqildi. Xususan, uchrashuv davomida 20 nafar yoshning murojaati joyida ijobiy hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan murojaatlar yuzasidan mas'ullarga aniq vazifalar yuklatilib, ularning ijrosi alohida nazoratga olindi.
Tadbir davomida Respublika ishchi guruhi a'zolari ham yoshlar bilan muloqot qilib, ularning fikr va takliflarini tingladilar hamda mavjud muammolarni hal etish, yoshlarning bandligini ta'minlash va salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan o‘z tavsiyalarini bildirdilar.
Uchrashuv yakunida mutasaddi rahbarlarga har bir yoshning murojaati bilan manzilli ishlash, ularning muammolarini tizimli ravishda o‘rganish, taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli ijrosini ta'minlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Buxoro tumanida yoshlar bilan ochiq muloqotlar muntazam ravishda tashkil etilib, ularning muammolarini hal etish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va jamiyat hayotidagi faolligini yanada oshirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.









