Buxoro tumani hokimi Bog‘ikalon mahallasida sayyor qabul o‘tkazdi
2026-07-21 18:30:00 / Yangiliklar

Aholi murojaatlarini o‘z vaqtida o‘rganish, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni joyida hal etish hamda davlat organlari va aholi o‘rtasida ochiq muloqotni yanada mustahkamlash Buxoro tumanida ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida izchil davom ettirilmoqda. Shu maqsadda joylarda muntazam ravishda sayyor qabullar tashkil etilib, fuqarolarning taklif va tashabbuslari tinglanmoqda.
Navbatdagi ana shunday sayyor qabul Buxoro tumani hokimi Anvarjon Ochilov tomonidan Bog‘ikalon mahalla fuqarolar yig‘ini hududida o‘tkazildi. Unda tuman hokimining tegishli o‘rinbosarlari, mutasaddi tashkilot va korxona rahbarlari, mahalla faollari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Sayyor qabul davomida fuqarolar tomonidan ichimlik suvi ta’minoti, elektr energiyasi, ichki yo‘llarni ta’mirlash, bandlikni ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, ijtimoiy yordam, kadastr, kommunal xizmatlar hamda boshqa dolzarb masalalar yuzasidan murojaatlar bildirildi. Shuningdek, mahalla infratuzilmasini yaxshilash, hududlarni obodonlashtirish va aholiga yaratilayotgan sharoitlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha qator takliflar ham ilgari surildi.
Har bir murojaat tuman hokimi tomonidan alohida tinglanib, mas’ul tashkilotlar ishtirokida atroflicha muhokama qilindi. Joyida hal etish imkoniyati mavjud bo‘lgan masalalar yuzasidan tegishli choralar ko‘rildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan murojaatlar esa mas’ullarga biriktirilib, ularni qonunchilik doirasida ijobiy hal etish hamda ijrosini belgilangan muddatlarda ta’minlash bo‘yicha aniq vazifalar yuklatildi.
Qabul davomida tuman hokimi aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolarni o‘ylantirayotgan masalalarga befarq bo‘lmaslik, har bir murojaatning ortida inson taqdiri va manfaatlari turganini alohida ta’kidladi. Mutasaddilarga murojaatlarni cho‘zmasdan, ularni sifatli va o‘z vaqtida hal etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Buxoro tumanida aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, fuqarolarning muammo va takliflarini bevosita joylarda o‘rganish hamda ularning yechimini ta’minlashga qaratilgan sayyor qabullar kelgusida ham barcha mahallalarda tizimli ravishda davom ettiriladi.









