PAXTAGA QO‘SHIMCHA ISHLOV BERING VA HOSILINGIZGA HOSIL QO‘SHING!
2026-07-20 15:30:00 / Yangiliklar

Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston fermerlari kengashining qo‘shma murojaati
Hurmatli fermerlar, dehqonlar va agrar soha fidoyilari!
Mamlakatimizda joriy yilda 889,5 ming gektar, shundan 305,2 ming gektarda Xinjon usulida paxta parvarishlanmoqda. Mavsumning murakkab iqlim sharoitiga qaramay, paxtadan mo‘l hosil olish bugungi kunda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarishga bevosita bog‘liq.
Ayniqsa, iyul oyining ikkinchi yarmi va avgust oyining boshlarida sug‘orish, kultivatsiya, chilpish, zararkunandalarga qarshi kurash, bargdan oziqlantirish hamda begona o‘tlarni yo‘qotish ishlarini kechiktirmasdan amalga oshirish har bir fermerning ustuvor vazifasi bo‘lishi zarur.
Shu munosabat bilan har bir fermer xo‘jaligida "Dolzarb – 20 kun" e’lon qilinib, quyidagi ishlarga alohida e’tibor qaratilishi tavsiya etiladi:
- sug‘orish ishlarini kecha-kunduz samarali tashkil etish va suvdan oqilona foydalanish;
- suvchilar, mexanizatorlar hamda dala ishchilarini o‘z vaqtida rag‘batlantirish;
- g‘o‘zani o‘z vaqtida chilpish, kultivatsiya qilish va oziqlantirish;
- ko‘sak qurti, o‘rgimchakkana, qora shira hamda boshqa zararkunandalarga qarshi uyg‘unlashgan himoya choralarini kuchaytirish;
- bor kislotasi, mikroo‘g‘itlar va biologik stimulyatorlardan mutaxassislar tavsiyasiga asosan foydalanish;
- har bir sug‘orishdan so‘ng tuproqni mayin kultivatsiya qilish;
- begona o‘tlarni yo‘qotish va dalalarni turli chiqindilardan tozalash;
- rivojlanishdan ortda qolgan maydonlarda qo‘shimcha agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish;
- g‘o‘zaning holatidan kelib chiqib, pishishni jadallashtiruvchi agrotexnik usullarni qo‘llash.
Aziz fermerlar!
Davlatimiz tomonidan paxta yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qator imtiyozlar joriy etilgan. Xususan, Prezidentimizning 2026-yil 8-maydagi PF–82-son Farmoni bilan imtiyozli kreditlardan samarali foydalangan xo‘jaliklarni qo‘shimcha rag‘batlantirish mexanizmlari belgilandi. Ushbu imkoniyatlardan unumli foydalanish esa, avvalo, yuqori hosildorlikka erishishga bog‘liq.
Har bir gektarda amalga oshirilgan sifatli agrotexnik tadbir ertangi mo‘l hosilning poydevoridir. Bugungi mehnat ertangi baraka, yuqori daromad va mamlakatimiz paxtachiligidagi yuksak natijalarning garovidir.
Barchangizni "Dolzarb – 20 kun" doirasida paxta dalalarida agrotexnik tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etishga, hosilni asrab-avaylashga va har bir gektardan yuqori hosil olish yo‘lida fidokorona mehnat qilishga chorlaymiz.
