Buxoro tumani: Novmetan qishlog‘ida zamonaviy davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi
2026-07-10 18:40:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, bolalarni sifatli ta’lim bilan qamrab olish hamda ular uchun zamonaviy va xavfsiz ta’lim muhitini yaratish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Mazkur sa’y-harakatlar samarasida hududlarda zamonaviy maktabgacha ta’lim muassasalari bunyod etilib, yosh avlodning barkamol voyaga yetishi uchun munosib sharoitlar yaratilmoqda.
Joriy yilning 10-iyul kuni Buxoro tumani Novmetan mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Novmetan qishlog‘ida Islom taraqqiyot bankining moliyaviy ko‘magida yangidan bunyod etilgan 120 o‘rinli 40-son davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Ochilish marosimida Buxoro tumani hokimi Anvarjon Ochilov, nuroniylar, mahalla faollari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, hududda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish borasidagi islohotlar xususida o‘z fikrlarini bildirdilar.
Mazkur maktabgacha ta’lim tashkiloti "Fast Quality Building" MChJ quruvchilari tomonidan zamonaviy loyiha asosida bunyod etilgan bo‘lib, loyihaning umumiy qiymati 4,2 milliard so‘mni tashkil etadi.
Muassasa 120 nafar tarbiyalanuvchiga mo‘ljallangan bo‘lib, 4 ta guruh faoliyat yuritishi ko‘zda tutilgan. Binoda bolalarning sifatli ta’lim-tarbiya olishi, ularning intellektual, jismoniy va ma’naviy kamoloti uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilgan.
Yangi maktabgacha ta’lim tashkilotining foydalanishga topshirilishi Novmetan qishlog‘ida maktabgacha ta’lim qamrovini yanada kengaytirish, bolalarni zamonaviy ta’lim muhiti bilan ta’minlash hamda ota-onalar uchun qulay imkoniyatlar yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Buxoro tumanida ta’lim sohasini rivojlantirish, zamonaviy ijtimoiy infratuzilma obyektlarini barpo etish hamda yosh avlodning har tomonlama barkamol voyaga yetishi uchun zarur sharoitlarni yaratishga qaratilgan bunyodkorlik ishlari izchil davom ettirilmoqda.









