Buxoro tumanidagi 6- va 7-son umumta'lim maktablari zamonaviy qiyofa kasb etmoqda
2026-07-08 18:00:00 / Yangiliklar

Yurtimizda ta'lim tizimini yanada rivojlantirish, maktablar infratuzilmasini zamon talablari asosida modernizatsiya qilish hamda o‘quvchilar uchun zamonaviy va qulay shart-sharoitlar yaratish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 300-son qarori asosida Buxoro viloyatida energiya samaradorligini oshirish va hududlarni kompleks rivojlantirishga qaratilgan qator loyihalar izchil amalga oshirilmoqda. Mazkur dastur doirasida ta'lim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta'mirlash ishlari ham izchil davom etmoqda.
Ayni paytda Buxoro tumanidagi 6- va 7-son umumta'lim maktablarida ham keng ko‘lamli qurilish-ta'mirlash ishlari olib borilmoqda.
Ko‘chko'mar mahallasida joylashgan 6-son umumta'lim maktabida "ELBA INDUSTRY COMPANY" MChJ tomonidan mukammal ta'mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Qurilish jarayonida o‘quv binosi zamonaviy talablar asosida yangilanib, sinfxonalar, fan kabinetlari, ma'muriy va yordamchi xonalar ta'mirlanmoqda. Shuningdek, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari yangilanib, maktab hududini obodonlashtirish ishlari ham olib borilmoqda.
Shuningdek, So‘fikorgar mahallasidagi 7-son umumta'lim maktabida "OLTIN PO'LAT" XK tomonidan rekonstruksiya ishlari jadal sur'atlarda davom ettirilmoqda. Loyiha doirasida mavjud bino zamonaviy me'moriy yechimlar asosida rekonstruksiya qilinib, o‘quvchilar va pedagoglar uchun xavfsiz, qulay hamda zamonaviy ta'lim muhiti yaratilmoqda.
Bugungi kunda har ikkala obyektda qurilish-montaj ishlari belgilangan reja asosida olib borilmoqda. Mutaxassislar tomonidan barcha ishlar amaldagi qurilish me'yorlari va sifat talablariga qat'iy rioya etilgan holda bajarilmoqda.
Buxoro tumani hokimi Anvarjon Ochilov mazkur ta'lim muassasalarida olib borilayotgan qurilish-ta'mirlash ishlari bilan yaqindan tanishdi. O‘rganish davomida bajarilayotgan ishlarning sifati, qurilish sur'ati hamda obyektlarni yangi o‘quv yili boshlanguniga qadar to‘liq foydalanishga topshirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
Shuningdek, tuman hokimi mutasaddi rahbarlar va pudratchi tashkilot vakillariga barcha ishlarni loyiha-smeta hujjatlari hamda amaldagi qurilish me'yorlari asosida sifatli yakunlash, ajratilgan mablag‘lardan samarali foydalanish va obyektlarni belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berdi.
Ta'lim muassasalarida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari yosh avlodning zamonaviy bilim olishi, qulay va xavfsiz muhitda ta'lim olishini ta'minlash, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.









