Buxoro tumanida o‘z mehnati va tashabbuskorligi bilan daromad topib, aholi bandligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shayotgan tadbirkorlar safi tobora kengayib bormoqda.
2026-06-10 18:30:00 / Yangiliklar

Buxoro tumani “Istiqbol” mahallasi Taligandum qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Bobomurod Nazarov bugungi kunda o‘zining mehnatsevarligi va tashabbuskorligi bilan ko‘pchilikka namuna bo‘lib kelmoqda. U xonadonidagi mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanib, tadbirkorlik va dehqonchilikni muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘ygan.
Tashabbuskor tadbirkor o‘z xonadonida qurilish materiallari ishlab chiqarish sexini tashkil etib, unda shlakblok, beton ustunlar hamda boshqa turdagi qurilish mahsulotlarini tayyorlamoqda. Mahsulotlarning sifatli va xaridorgirligi ishlab chiqarish hajmining ortib borishiga xizmat qilmoqda.
Eng muhimi, mazkur sex faoliyati orqali mahalladagi 5 nafar yosh doimiy ish o‘rni bilan ta’minlangan. Bu esa aholi bandligini ta’minlash va yoshlarni mehnatga jalb etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bobomurod Nazarov buning bilan cheklanib qolmay, xonadoni hududidagi 6 sotixli issiqxonada pomidor yetishtirish bilan ham shug‘ullanmoqda. Issiqxonada parvarishlanayotgan pomidorlardan mo‘l hosil olinib, oilaning daromad manbai yanada mustahkamlanmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, tomorqa yerlaridan samarali foydalanish hamda aholi bandligini ta’minlash borasida yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan Bobomurod Nazarovning faoliyati hududdagi boshqa fuqarolar uchun ham ibrat bo‘lib xizmat qilmoqda.
Darhaqiqat, mehnat, intilish va tashabbus uyg‘unlashgan joyda baraka bo‘ladi. Bobomurod Nazarovning faoliyati bir xonadonning o‘zida ham ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, ham qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish orqali barqaror daromad topish mumkinligining yorqin namunasidir.









