Buxoro tumani: “Jo‘yzar” kanalini betonlashtirish ishlari boshlandi
2026-06-06 17:25:00 / Yangiliklar

Mamlakatimizda suv resurslaridan oqilona foydalanish, sug‘orish tizimlarini modernizatsiya qilish hamda qishloq xo‘jaligi ekinlarini barqaror suv bilan ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ana shunday muhim loyihalardan biri sifatida Buxoro tumani hududidan o‘tuvchi “Jo‘yzar” kanalini betonlashtirish ishlari boshlandi.
Joriy yilning 15-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning Buxoro viloyatiga tashrifi davomida hududdagi suv xo‘jaligi obyektlari faoliyati o‘rganilib, xususan, respublikamizdagi eng qadimiy sug‘orish tarmoqlaridan biri hisoblangan “Jo‘yzar” kanalidagi mavjud holat ko‘zdan kechirildi. Tashrif davomida kanalda suv yo‘qotishlarini kamaytirish, suv resurslaridan samarali foydalanish hamda sug‘orish tizimi samaradorligini oshirish maqsadida betonlashtirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berilgan edi.
Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida bugungi kunda kanalning 22,5 kilometrlik qismini betonlashtirish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Loyiha yakuniga yetkazilgach, har yili qariyb 12 million kub metr suvning behuda sarflanishining oldi olinadi.
1938-yilda qurilgan “Jo‘yzar” kanali bugungi kunda Buxoro tumani va unga tutash hududlardagi 13 ming gektardan ortiq qishloq xo‘jaligi maydonlarini suv bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Kanalning rekonstruksiya qilinishi va betonlashtirilishi natijasida suv yetkazib berish sifati yaxshilanib, sug‘orish tizimining samaradorligi sezilarli darajada ortadi.
Shuningdek, loyiha dehqon va fermer xo‘jaliklari uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratib, suv resurslaridan tejamkor foydalanish, hosildorlikni oshirish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda Buxoro tumanida olib borilayotgan betonlashtirish ishlari hududda suv ta’minotini yanada yaxshilash, suv yo‘qotishlarini kamaytirish va agrar soha samaradorligini oshirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.






