Buxoro tuman IIB boshlig‘i podpolkovnik Vafayev Farxod Axatovichning MUROJAATNOMASI
2026-06-04 16:40:00 / Yangiliklar

Assalomu alaykum, hurmatli tumandoshlar!
Barchamizga yaxshi ma’lumki, keyingi yillarda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Bundan ko‘zlangan maqsad – yurtimizda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, mahallalarda xavfsiz muhit yaratish, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda fuqarolarimizning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilish ichki ishlar organlarining ustuvor vazifalaridan biridir.
Hurmatli tuman aholisi!
Shu o‘rinda, Buxoro tumanida 2026-yilning 5 oyi davomida sodir etilgan jinoyatlar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsam.
Jumladan, 2026-yilning 5 oyi davomida jami qayd etilgan umumiy jinoyatlar soni 146 tadan 127 taga kamayib, 19 tani yoki 13,0 foizni tashkil etdi.
Jinoyat turlari bo‘yicha tahlil qilinganda:
– 35 tasi (27,5 foiz) oldi olinishi lozim bo‘lgan;
– 87 tasi (68,5 foiz) aniqlanadigan;
– 5 tasi (3,9 foiz) kiber (AKT) jinoyatlarni tashkil etadi.
2026-yilning 5 oyida umumiy jinoyatlar soni (AKT jinoyatlaridan tashqari) 40,2 foizga (87/122) oshgan.
Jinoyat turlaridan:
– qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish 100 foizga (0/1);
– oilaviy zo‘ravonlik 100 foizga (0/1);
– firibgarlik 150 foizga (4/10);
– o‘g‘rilik 25 foizga (8/10);
– o‘lim bilan bog‘liq YTHlar 100 foizga (1/2) oshgan.
– bezorilik 50 foizga (2/1) kamaygan.
– qasddan badanga yengil shikast yetkazish (1/1);
– yo‘l-transport hodisalari (9/9) ta sodir etilib, barqaror saqlangan.
Qotillik, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, nomusga tegish, bosqinchilik, talonchilik hamda avtotransport vositasini olib qochish jinoyatlarining oldi olingan.
Shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar:
– yoshlar jinoyati 12,5 foizga (8/9) oshgan;
– muqaddam sudlanganlar jinoyati 150 foizga (2/5) oshgan;
– voyaga yetmaganlar jinoyati 33,3 foizga (3/2) kamaygan.
Shundan:
– jamoat joylarida sodir etilgan jinoyatlar 50 foizga (2/1) kamaygan;
– ko‘chalarda sodir etilgan jinoyatlar (1/1) ta bo‘lib, barqaror saqlangan.
Ayollar, mast holatdagi va ishsiz shaxslar tomonidan jinoyatlar sodir etilmagan.
Tumandagi 36 ta mahallaning 1 tasi “qizil”, 5 tasi “sariq” va 30 tasi “yashil” toifaga kiritilgan.
“Qizil” toifadagi mahalla:
Turkon MFYda 3 ta jinoyat (JKning 169-moddasi bo‘yicha 3 ta o‘g‘rilik) qayd etilgan (profilaktika inspektori leytenant M. Abdurasulov).
“Sariq” toifadagi mahallalar:
– Bog‘ikalon MFYda 1 ta o‘g‘rilik jinoyati (profilaktika inspektori katta leytenant B. G‘aybullayev);
– Ko‘chko‘mar MFYda 1 ta o‘g‘rilik jinoyati (profilaktika inspektori katta leytenant M. Akramov);
– Rabotiqalmoq MFYda 1 ta o‘g‘rilik jinoyati (profilaktika katta inspektori kapitan Sh. Ismoilov);
– Shayxoncha MFYda 1 ta o‘g‘rilik va 1 ta qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish jinoyati (profilaktika inspektori leytenant A. Ochilov);
– Kulonxona MFYda 1 ta o‘g‘rilik jinoyati (profilaktika inspektori katta leytenant X. Olimov).
“Qizil” toifadagi mahallalar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5 tadan 1 taga kamayib, 80,0 foizga qisqargan.
“Sariq” toifadagi mahallalar soni esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9 tadan 5 taga kamayib, 44,4 foizga qisqargan.
2026-yilning 5 oyida sodir etilgan jami 127 ta jinoyatning:
– 57 tasi ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan;
– 41 tasi uncha og‘ir bo‘lmagan;
– 24 tasi og‘ir;
– 5 tasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tashkil etadi.
Shundan 5 tasi axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan jinoyatlar, 87 tasi aniqlanadigan va 35 tasi oldi olinishi lozim bo‘lgan jinoyatlardir.
Shuningdek, faqat oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar bo‘yicha tahlil qilinganda:
– o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar (4/2) 50,0 foizga kamaygan;
– ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar (27/17) 37 foizga kamaygan;
– uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar (7/7) barqaror saqlangan;
– og‘ir turdagi jinoyatlar (4/8) 100 foizga oshgan.
Olib borilgan profilaktik tadbirlar natijasida ayrim turdagi jinoyatlar kamayishiga erishilgan bo‘lsa-da, ayrim turdagi jinoyatlarning oshishiga yo‘l qo‘yilmoqda. Ayniqsa, o‘g‘rilik, firibgarlik, yo‘l-transport hodisalari hamda oilaviy zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlar shular jumlasidandir.
Shuningdek, bugungi kunda sodir etilayotgan har ikki jinoyatdan biri kiber sohada sodir etilayotgan jinoyatlarga to‘g‘ri kelmoqda.
2026-yilning 5 oyi davomida jami 143 ta murojaat (2025-yilda 124 ta) kelib tushgan bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan 19 taga yoki 15,3 foizga oshgan (viloyatda salbiy 4-o‘rinda).
Shundan 140 tasi yoki 97 foizi bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan (viloyatda salbiy 4-o‘rinda), 11 tasi yoki 7,6 foizi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilgan, 5 tasi yoki 3,5 foizi hududiy tegishliligi bo‘yicha yuborilgan, 3 tasi yoki 2 foizi esa takroriy murojaatlardan iborat.
Murojaatlar har 100 ming aholi soniga nisbatan 78 tani tashkil etgan (viloyat bo‘yicha har 100 ming aholiga 86 tadan).
Jinoyatlar har 100 ming aholi soniga nisbatan 91 tani tashkil etgan (viloyat bo‘yicha har 100 ming aholiga 91 tadan).
Kibermakonda sodir bo‘layotgan jinoyatlar soni bugungi kunda global muammolardan biri hisoblanadi.
Bundan buyon asosiy e’tiborni sodir etilgan jinoyat va huquqbuzarliklarning asl sabablarini aniqlash hamda bartaraf etishga qaratamiz. Kelgusida har bir mahallada huquqbuzarlik va jinoyatchilikning kelib chiqish omillari chuqur o‘rganilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq choralar ko‘riladi.
Dunyo miqyosida axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi, XXI asrning axborot texnologiyalari asri sifatida e’tirof etilishi insonlar hayotini qulaylashtirgan bo‘lsa-da, shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligiga nisbatan tahdidlarning ham ortishiga sabab bo‘ldi. Elektron to‘lovlar va raqamli xizmatlarning keng qo‘llanilishi qulayliklarni oshirgan bo‘lsa, ularga qaratilgan noqonuniy hujumlar soni ham ortib bormoqda. Mazkur sohadagi xavfsizlik “kiberxavfsizlik” orqali ta’minlanadi.
Kibermakonda sodir etilayotgan jinoyatlar soni so‘nggi yillarda sezilarli darajada oshdi. Ushbu turdagi jinoyatlarning boshqa jinoyatlardan farqi shundaki, ular masofadan turib sodir etiladi, jinoyat jarayoni ko‘z bilan bevosita kuzatilmaydi hamda hujum insonning hayotiga emas, balki uning ma’lumotlariga qaratiladi. Shu sababli bunday jinoyatlarga qarshi kurashish uchun samarali va zamonaviy tizimlarni joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, ayrim shaxslar Telegram messenjeri orqali yuborilgan “Sudga chaqiruv xati.apk”, “Bu sening fotosuratlaring.apk” kabi zararli ilovalarni telefonlariga yuklab olishi oqibatida bank kartalaridagi pul mablag‘laridan mahrum bo‘lmoqda. Shuningdek, “Uyda o‘tirib treyding orqali oson pul toping” kabi yolg‘on va’dalarga ishonib, o‘z mablag‘larini firibgarlarga o‘tkazib yuborish holatlari ham uchramoqda.
Shu bois, har bir fuqaro o‘zini va yaqinlarini kiberfiribgarlik hamda raqamli tahdidlardan himoya qilishi uchun doimo hushyor va ogoh bo‘lishi zarur.
Hurmatli tumanimiz aholisi!
Prezidentimizning 2025-yil 30-apreldagi PQ–153-son qarori bilan “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hujjat qabul qilinib, mamlakatimizda kiberxavfsizlikni ta’minlashning normativ-huquqiy, tashkiliy va profilaktik asoslari yanada mustahkamlandi.
Kiberjinoyatlardan jabr ko‘rmaslik uchun o‘z nomingizga pul evaziga bank kartalari ochib berish, firibgarlar tomonidan taklif qilinayotgan shubhali savdo va moliyaviy amaliyotlarda ishtirok etish kabi holatlardan qat’iyan tiyiling.
Bugungi kunda kiberfiribgarlar ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolar ishonchiga kirib, ularning turli mol-mulklarini qo‘lga kiritishga urinmoqdalar.
Huquq-tartibot organlari tomonidan kiberjinoyatlarga qarshi kurashish, ularni “issiq izidan” fosh etish hamda fuqarolarning kiber savodxonligini oshirish bo‘yicha muntazam chora-tadbirlar amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, bu turdagi murojaatlar soni hanuz yuqoriligicha qolmoqda.
Yaqinlaringiz yoki tanishlaringiz akkauntidan “Sudga chaqiruv xati”, “Sening rasmlaring”, “To‘yga taklifnoma” kabi nomlar ostida yuborilayotgan zararli APK ilovalari va shubhali havolalarni ochmang hamda mobil qurilmangizga o‘rnatmang.
Onlayn savdo platformalarida narxi bozor bahosidan ancha arzon ko‘rsatilgan mahsulotlarni xarid qilishga shoshilmang.
Ijtimoiy tarmoqlarda yuqori daromadli onlayn ish taklif qilayotgan shaxslarning aldoviga uchmang hamda shaxsingizni tasdiqlovchi hujjatlarni begona shaxslarga yubormang.
Hurmatli tumanimiz aholisi!
Jinoyatchilikning oldini olishga barchamiz birdek mas’ulmiz!
Tumanimizni jinoyatchilikdan holi hududga aylantirishda o‘z hissangizni qo‘shishingizni, mol-mulkingizni e’tiborsiz qoldirmasligingizni, shaxsiy ma’lumotlaringiz va bank kartalaringiz rekvizitlarini begona shaxslarga bermasligingizni, uy-joy hamda avtotransport vositalari oldi-sotdisida ehtiyotkor bo‘lishingizni, farzandlar tarbiyasiga befarq bo‘lmasligingizni so‘rab qolaman.
Har qanday jinoyat yoki huquqbuzarlik holatlari yuzasidan zudlik bilan hudud profilaktika inspektoriga yoki Ichki ishlar organlarining 112 qisqa raqamiga murojaat qiling.
Keling, barchamiz birgalikda mahallalarimiz va xonadonlarimizni jinoyatdan holi hududga aylantiraylik.
Fursatdan foydalanib, barchangizga mustahkam sog‘liq, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman!
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!
E’tiboringiz uchun rahmat!
