Buxoro tumanida pilla qabul qilish boshlandi
2026-05-12 14:30:00 / Yangiliklar

Buxoro tumani pillakorlari joriy mavsumda 260 tonnaga yaqin “kumush tola” yetishtirishni maqsad qilgan bo‘lib, bugungi kunga kelib ularning mashaqqatli mehnati o‘z samarasini bera boshladi. Tumanda pillachilikni rivojlantirish, kasanachilarni qo‘llab-quvvatlash hamda yuqori hosildorlikka erishish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, “Romstar” MCHJ tomonidan 2900 nafardan ortiq kasanachilar bilan shartnomalar tuzilib, jonlantirilgan ipak qurti urug‘lari o‘z vaqtida oilaviy zvenolarga yetkazib berildi. Natijada tumanda jami 4317 quti ipak qurti parvarishlanib, yuqori hosil olish uchun mustahkam zamin yaratildi.
Bugun tuman hokimi Anvarjon Ochilov boshchiligida mutasaddi korxona va tashkilot rahbarlari pilla qabul qilish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Jarayon davomida ilg‘or pillakorlarning samarali mehnati e’tirof etilib, bir quti ipak qurtidan yuqori hosil olayotgan kasanachilar rag‘batlantirildi.
Ta’kidlash joizki, pillalarni qabul qilish jarayonida pillakorlar uchun barcha qulayliklar yaratilgan bo‘lib, topshirilgan hosil uchun to‘lovlar belgilangan tartibda amalga oshirilmoqda. Bu esa kasanachilarning mehnatini munosib qadrlash va ularni yanada ruhlantirishga xizmat qilmoqda.
Ayni kunlarda tumanning barcha hududlarida pilla topshirish ishlari uyushqoqlik bilan davom etmoqda. Mutasaddilar tomonidan agrotexnik talablariga rioya etish, hosildorlikni oshirish va pillachilikni yanada rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mazkur sa’y-harakatlar natijasida nafaqat yuqori hosil yetishtirish, balki aholi bandligini ta’minlash, xonadonlar daromadini oshirish hamda milliy ipakchilik an’analarini davom ettirishga munosib hissa qo‘shilmoqda.







