Buxoro tumanida cho‘l hududlarida zamonaviy agrotexnologiyalar asosida paxta yetishtirilmoqda
2026-05-07 17:25:00 / Yangiliklar

Buxoro tumanidagi “Uch Qarag‘ay” MChJ paxtachilik klasteri hamda xitoylik investor Liu Xinjiang o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan ishlar asosida tumanning foydalanilmayotgan cho‘l hududlarini o‘zlashtirish va zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda tumanning cho‘l hududlaridagi qariyb 3 ming gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida paxta yetishtirilmoqda. Hozirda ekilgan paxta unib chiqib, agrotexnik parvarish ishlari olib borilmoqda.
Ma’lumki, o‘tgan yilda “Novmetan” va “Kunjiqal’a” mahallalari hududidagi “Qumsulton” cho‘l kengliklarida sinov tariqasida 350 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilib, ijobiy natijalarga erishilgan edi. Ushbu tajriba suv resurslaridan samarali foydalanish, hosildorlikni oshirish hamda yerlarning meliorativ holatini yaxshilashda o‘z samarasini ko‘rsatdi.
Bugun Buxoro tumani hokimi Anvarjon Ochilov mazkur klaster hududida bo‘lib, amalga oshirilayotgan ishlar, ekinlarning holati hamda sug‘orish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, mas’ullar bilan suhbat davomida agrotexnik tadbirlarni sifatli tashkil etish, suvdan oqilona foydalanish hamda hosildorlikni yanada oshirish yuzasidan tegishli tavsiyalar va topshiriqlar berildi.
Ta’kidlash joizki, mazkur loyiha nafaqat foydalanilmayotgan cho‘l hududlarini o‘zlashtirish, balki hududda yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi bandligini ta’minlash hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu bilan birga, xorijiy investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan bunday loyihalar tumanning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni amaliyotga keng tatbiq etishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.









