Buxoro tuman tibbiyot birlashmasida “Mehnat muhofazasi — hayot garovi” mavzusida anjuman o‘tkazildi
2026-04-28 14:30:00 / Yangiliklar

28-aprel — Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni munosabati bilan Buxoro tuman tibbiyot birlashmasida soha xodimlari ishtirokida ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.
Mazkur tadbir tibbiyot birlashmasi boshlig‘i, PhD Komil Safarov boshchiligida o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi viloyat kengashi vakili ham ishtirok etib, tibbiyot xodimlarining mehnat huquqlari va xavfsizligini ta’minlash borasidagi dolzarb masalalar yuzasidan ma’ruza qildi.
Anjuman davomida ish joylarida texnika xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya etish, xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish hamda kasbiy kasalliklarning oldini olish tizimning ustuvor vazifalaridan biri ekanligi alohida ta’kidlandi.
Tadbirda, shuningdek, tibbiyot muassasalarida mehnat sharoitlarini yaxshilash, xodimlar uchun munosib va xavfsiz ish muhitini yaratish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Kasaba uyushmasi tomonidan taqdim etilayotgan imtiyozlar va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida ham batafsil ma’lumot berildi.
Mutaxassislar fikricha, bunday tadbirlar tibbiyot xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish, ularning mehnat faoliyatida xavfsizlikni ta’minlash hamda samaradorlikni yuksaltirishga xizmat qiladi.
Inson qadri ulug‘langan yurtimizda har bir xodimning xavfsiz mehnat qilish huquqi qonun himoyasida ekani yana bir bor e’tirof etildi.




