Yosh sportchilar yutuqlari e’tirof etildi
2026-04-24 18:30:00 / Yangiliklar

Buxoro tuman hokimi Anvarjon Ochilov boshchiligida “Hokim olimpiadasi” sport musobaqalarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan yosh sportchilar bilan samimiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida hokim g‘oliblarni samimiy qutlab, ularning yutuqlari nafaqat tuman, balki viloyat miqyosida ham muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.
Uchrashuv chog‘ida sportchilarning mehnati, intilishi va qat’iyati e’tirof etilib, kelgusida viloyat hamda respublika bosqichlarida ham ularga ulkan muvaffaqiyatlar tilandi. Shuningdek, yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur musobaqalar “Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari” dasturi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, unda sportning 13 turi bo‘yicha bellashuvlar o‘tkazildi. Jumladan, dzyudo, taekvondo, sport kurashlari, boks, yengil atletika, stol tennisi, basketbol, voleybol, gandbol, badminton hamda badiiy gimnastika yo‘nalishlarida iqtidorli sportchilar o‘z mahoratlarini namoyon etdilar.
Mazkur musobaqalar yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, iqtidorli sportchilarni aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.



