Buxoro tumani Shergiron mahallasida yoshlarga ajratilgan yerlar samarali natija bermoqda
2026-04-18 14:50:00 / Yangiliklar

Buxoro tumani Shergiron mahallasida bugungi kunda 9 mingdan ortiq aholi istiqomat qilib, shundan qariyb 2 ming nafari 18–30 yoshdagi yoshlarni tashkil etadi. Mahallada yoshlar bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb etish hamda ajratilgan yer maydonlaridan samarali foydalanish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan dehqonchilik qilish istagida bo‘lgan 79 nafar yoshga yer maydonlari ajratildi. Natijada bugungi kunda ularning aksariyati ajratilgan yerlardan unumli foydalanib, daromad topishga erishmoqda. Xususan, 30 nafarga yaqin yosh issiqxona tashkil etib, barqaror daromad manbaiga ega bo‘lgan.
Jumladan, Dilmurod Saloxiddinov ham ana shunday imkoniyatlardan samarali foydalangan yoshlardan biri hisoblanadi. Unga ajratilgan 30 sotix yer maydonining 5 sotixida issiqxona tashkil etib, bugungi kunda yuqori hosil yetishtirish orqali yaxshigina daromad topib kelmoqda.
Buxoro tuman hokimi Anvarjon Ochilov hududlarga tashrifi davomida mazkur yoshlarga ajratilgan yer maydonlarida faoliyat yuritayotgan yoshlar bilan uchrashdi. Uchrashuv jarayonida yoshlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishilib, ularning fikr va takliflari tinglandi hamda faoliyatni yanada kengaytirish yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.
Bunday yaratilayotgan imkoniyatlar yoshlarning mehnatga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish hamda o‘z xonadonida barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishiga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda Shergiron mahallasida yoshlarga ajratilgan yer maydonlaridan samarali foydalanilayotgani hududda bandlikni ta’minlash, aholi farovonligini oshirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.






