Buxoro tumani: Axtam Bozorovning ilg‘or dehqonchilik tajribasi hammaga o‘rnak bo‘lmoqda
2026-04-06 16:30:00 / Yangiliklar

Buxoro tumani So‘fikorgar mahallasida yashovchi ilg‘or dehqonlardan biri — Axtam Bozorov tomorqadan samarali foydalanish borasida boshqalarga ibrat bo‘lib kelmoqda. U o‘z xonadonida issiqxona va ochiq maydon imkoniyatlaridan oqilona foydalanib, yil davomida uzluksiz daromad olishni yo‘lga qo‘ygan.
Axtam Bozorov issiqxona sharoitida ekinlarni almashlab ekish orqali yiliga uch marotaba hosil olishga erishmoqda. Bu esa tomorqadan maksimal darajada samarali foydalanish imkonini bermoqda.
— Dastlab sentyabr oylarida issiqxonaga ismaloq ekamiz. Kuz mavsumida yetishtirilgan ismaloq qisqa muddatda hosil berib, bozorga chiqariladi. Shundan so‘ng dekabr oylarida sabzi ekamiz. Qishki sharoitda parvarish qilingan sabzi erta bahorda yetilib, yuqori narxda sotiladi. Sabzi hosili yig‘ib olingach esa issiqxonaga bodring ekamiz. Bahor-yoz mavsumida yetishtirilgan bodring ham bozorbop mahsulot hisoblanadi. Shu tariqa, bir yil davomida issiqxonadan uch marta hosil olamiz, — deydi Axtam aka Bozorov.
Bundan tashqari, u sabzavot nihollari va ko‘chatlari yetishtirish bilan ham shug‘ullanib, qo‘shimcha daromad manbaini yaratgan. Yetishtirilayotgan sifatli ko‘chatlar mahalliy aholi tomonidan katta talab bilan xarid qilinmoqda.
Axtam Bozorov tomorqachilik bilan cheklanib qolmay, chorvachilik bilan ham shug‘ullanadi. Bu esa uning xo‘jaligida daromad manbalarini yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda uning tajribasi mahalladagi boshqa tomorqa egalari uchun ham amaliy maktab vazifasini o‘tamoqda. Uning mehnatsevarligi, yerga bo‘lgan e’tibori va zamonaviy yondashuvi natijasida kichik tomorqa ham yuqori daromad manbaiga aylanishi mumkinligi yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Xulosa qilib aytganda, bunday ilg‘or dehqonlar faoliyati yurtimizda agrar sohani rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash hamda farovonlikni oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.









