Ezgu kasb egalari e’tirof etildi
2026-04-05 13:30:00 / Yangiliklar

Zahmatkash, o‘z kasbining fidoyi insonlari bo‘lmish tuman Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari yilning to‘rt faslida, har qanday ob-havo sharoitida tinmay mehnat qilib, tumanimizning saranjom-sarishtaligini ta’minlab kelmoqdalar. Ularning fidokorona xizmatlari tufayli ko‘chalarimiz ko‘rk ochib, mahallalarimiz yanada obod va fayzli maskanga aylanib, yurtdoshlarimiz qalbiga iliqlik va mamnuniyat bag‘ishlanmoqda.
Bugungi kunda hududlar obodligi, atrof-muhit tozaligi va ekologik muhitni yaxshilashda ana shunday zahmatkash insonlarning o‘rni beqiyosdir. Ular tong sahardan boshlab, kechga qadar tinimsiz mehnat qilib, har bir ko‘cha va maskanning ozoda bo‘lishi uchun jonbozlik ko‘rsatib kelmoqdalar.
Buxoro tumani hokimi Anvarjon Ochilovning tashabbusi bilan tumanimiz obodligi yo‘lida xizmat qilayotgan obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari uchun bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbir ko‘tarinki ruhda, samimiy muhitda o‘tdi.
Tadbir davomida tuman hokimi so‘zga chiqib, ushbu mashaqqatli va sharafli kasb egalariga o’z minnatdorchiligini bildirdi. O‘z nutqida u obodonlashtirish xodimlarining fidokorona mehnatini alohida e’tirof etib, tumanimizning bugungi ko‘rkam qiyofasi aynan ularning zahmatli mehnati samarasi ekanini ta’kidladi.
Mazkur tadbir ezgu kasb egalari mehnatini qadrlash, ularni rag‘batlantirish, jamiyatda bunday sharafli kasblarga nisbatan hurmat va e’tiborni yanada oshirishga xizmat qildi.









