Buxoro tuman hokimi eronlik investorlar bilan uchrashdi
2026-03-31 18:35:00 / Yangiliklar

Buxoro tumanida xorijiy investitsiyalarni jalb etish, hududda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish hamda qo‘shimcha ish o‘rinlarini tashkil etish maqsadida muhim uchrashuv o‘tkazildi.
Unda Buxoro tuman hokimi Anvarjon Ochilov hamda Eron Islom Respublikasida faoliyat yuritayotgan tadbirkor Rashidabadi Seyedreza ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida eronlik investor tumanimizning geografik va logistika jihatdan qulay joylashganini alohida e’tirof etdi. Shuningdek, u hududda ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi sohalarida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi.
Xususan, investorlar tomonidan tumandagi “Agroservis Galaosiyo MTP” hududida sutni zamonaviy, yuqori texnologiyalar asosida qayta ishlash loyihasini amalga oshirish rejalashtirilayotgani qayd etildi. Mazkur loyiha nafaqat mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, balki qo‘shimcha qiymat yaratish va yangi ish o‘rinlarini tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tuman hokimi Anvarjon Ochilov o‘z navbatida hududda xorijiy investorlar uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilayotganini, ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish bo‘yicha keng imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.
Shuningdek, uchrashuv davomida Buxoro tumanining investitsiyaviy salohiyati, mavjud infratuzilma imkoniyatlari, soliq imtiyozlari hamda tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Yakunda tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, istiqbolli loyihalarni bosqichma-bosqich amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishdilar.






