Buxoro tumanida zamonaviy o‘quv avtodromi foydalanishga topshirildi
2026-03-31 13:30:00 / Yangiliklar

“Vatanparvar” tashkiloti Buxoro viloyati kengashi tasarrufidagi Buxoro tumani o‘quv sport texnika markazida zamonaviy talablarga to‘liq javob beradigan o‘quv avtodromi qurib bitkazilib, tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Mazkur avtodrom haydovchilarni tayyorlash jarayonini yanada sifatli tashkil etish, ularning amaliy ko‘nikmalarini oshirish hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tantanali ochilish marosimida “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi hamda viloyat kengashi rahbariyati, soha mutaxassislari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar ushbu muhim obyektning ishga tushirilishi bilan barchani samimiy tabriklab, yosh avlodni kasb-hunarga yo‘naltirish va ularning zamonaviy bilim hamda ko‘nikmalarga ega bo‘lishida bu kabi maskanlarning o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladilar.
Shuningdek, tadbir doirasida tashkilotning viloyat kengashi tasarrufidagi o‘quv muassasalariga 12 dona “Chevrolet Onix” yengil avtomobili hamda 6 dona “Foton” yuk avtomobillari topshirildi. Bu esa marosimga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Endilikda ushbu zamonaviy o‘quv avtomobillari orqali avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash kurslarida “B”, “BC” va “C” toifalari bo‘yicha tahsil olayotgan fuqarolar amaliy mashg‘ulotlarini yanada mukammal o‘zlashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Mazkur loyiha hududda yo‘l harakati madaniyatini yuksaltirish, malakali haydovchilar tayyorlash hamda transport sohasida xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladi.






